TOShKENT, 14 avg – Sputnik. Voqea asli bunday boshlangan edi: 2016-yilning 24-aprel kuni Vlaxoslar oilasining 80 yoshli otasida IV darajali o‘pka saratoni kasali aniqlanadi. Otasining bir yildan kam umri qolganidan xabardor bo‘lgan Jeyms, u bilan har kuni suhbat qurib otasining so‘zlarini diktofonga yozib ola boshlaydi. Jeymsning maqsadi otasi haqida imkon qadar ko‘proq xotira saqlab qolish edi. Jon Vlaxos 2017-yilning fevralida vafot etadi.
Dastlab, Jeyms yozib olgan suhbatlarini xotira uchun uzoq yillarga saqlab qo‘ymoqchi bo‘ladi, lekin kutilmaganda u, “Barbi” qo‘g‘irchog‘i uchun “sun’iy aql” yaratgan, PullString kompaniyasi loyihalaridan biriga ko‘zi tushadi. PullString kompaniyasi o‘z dasturining ochiq versiyasini internetda joylashtirib, foydalanuvchilarga o‘zlari istagan multfilm qahramonlari obrazida gapiruvchi robot yasashga imkoniyat yaratgan bo‘ladi.
Yoshligidan havaskor dasturchi bo‘lgan Jeymsda ushbu imkoniyatdan foydalanib, o‘z otasining so‘zlari bilan gapiruvchi robot yasash g‘oyasi paydo bo‘ladi. Gapiruvchi robotga — Dadbot deb ism qo‘yadi.
Jeyms o‘zi yozib olgan suhbatlarni mutaxassislar yordamida alohida so‘z, gap, ibora va hikoyalarga bo‘lib kompyuterga kiritadi. Otasi ijro etgan qo‘shiqlarni alohida fayllar sifatida yozib olib ularni ham kompyuterga kiritadi. Natijada 200 varaqdan iborat va otasining 91970ta so‘zi yozilgan ulkan papka paydo bo‘ladi.
Ushbu dastur Applening Siri yoki Googlening gapiruvchi assistentiga o‘xshash bo‘lib u foydalauvchining so‘zlarini tushunadigan va unga kerakli javoblarni topib bera oladi. PullString dasturi tarkibi daraxt shoxlariga o‘xshash bo‘lib, u foydalanuvchining javoblaridan kerakli javoblarni topish uchun foydalanadi. U yangi so‘z va iboralarga, yangi qoidalarga tez o‘rganish xususiyatiga ega.
Jeyms otasining barcha so‘zlarini, hazillarini va barcha audiofayllarni dasturga kiritadi. Ularni qanday hollarda qo‘llanilish tartibini ham belgilab chiqadi. Natijada Jon Vlaxosga ruhan o‘xshash bo‘lgan chatbot (gapiruvchi robot) paydo bo‘ladi. U Jeyms bilan xuddi otasiga o‘xshab gaplashadi, otasi kabi hazillashadi va otasi aytgan hikoya va qo‘shiqlarni Jeymsning iltimosiga ko‘ra takroran aytib bera oladi.
Dasturda bir necha katta bo‘limlar bor. Ular Jeymsning ota-onasining Yunonistondagi hayoti, Jeymsning Treysi shahridagi bolaligi, Oaklenddagi o‘smirlik yillari yoki undan keyingi o‘qish va uylanish davrlari haqida suhbatlashish mumkin.
Jeyms ushbu dasturni o‘z Iphoneiga o‘rnatib olgan va doimo yonida olib yuradi. Otasini sog‘inganida u bilan biroz suhbat quradi, undan qo‘shiq kuylab berishni yoki o‘zining sevimli hikoyalaridan birni aytib berishni so‘raydi.
“Dadbot tufayli otam xotirasi jonli tus oldi. Otam bilan gaplashish istagi o‘zimda ham kuchli ekanini sezaman. Uning gaplari ko‘pincha meni kulishimga yoki jilmayimga sabab bo‘ladi. Albatta, u hamma savolimga javob bera olmaydi, lekin men otamning kichik bir bo‘lagi ushbu dastur ichida ekanini his qilib turaman“, — deydi Jeyms Vlaxos Wired nashriga.
Dastlab chatbot faqat Jeyms bilan gaplasha olar edi, lekin keyinchalik u boshqalar bilan gaplasha oladigan bo‘ldi. U yaxshigina hazillashishni ham o‘rganib oldi. Masalan “Sen hozir qayerdasan?” degan savolga, u “San-Fransiskodagi kompyuter serverlari ichida bo‘lsam kerak” deb javob beradigan bo‘ldi.
Jeyms Vlaxosning ushbu uslubi ko‘pchilikni qiziqtirib qoldi. Bir necha olimlar ushbu borada o‘z g‘oyalarini taklif qila boshlashdi. Masalan Xosseyn Raxnama ismli yosh olim inson hayotlik davridayoq katta miqdorda ma’lumot to‘plab, insonning o‘lmas va ko‘p qirrali raqamli nusxasini yaratishni taklif qildi.