TOShKENT, 11-avgust — Sputnik. Toshkent konstruktiv muloqotga va Markaziy Osiyodagi hattoki eng o‘tkir muammolarga ham qo‘shnilar bilan birgalikda oqilona murosa asosida yechim topishga tayyor, dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.
Bugun Toshkentda ochilgan "Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi" mavzuyidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida tashqi siyosat mahkamasi rahbari Markaziy Osiyo yo‘nalishi bo‘yicha respublika tomonidan qo‘yilgan aniq siyosiy-diplomatik qadamlar buning amaldagi isboti ekanligini bildirdi.
"Tafsilotlarni sanab o‘tirmayman, eng asosiysini aytib o‘taman: biz mintaqada yangi siyosiy muhit yaratishga amalda erisha oldik, qo‘shnilar bilan siyosiy ishonch darajasini sezilarli ravishda oshirdik, hamkorlikning ko‘plab sohalarida ahamiyatli natijalarga erishdik", – dedi Kamilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan O‘zbekiston mintaqaning barqarorlik, izchil rivojlanish va ahil qo‘shnichilik hududiga aylanishidan boshqalardan ko‘ra ko‘proq manfaatdor.
"Iqtisodiy gullab-yashnayotgan, xavfsiz Markaziy Osiyo biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko‘p bor ta’kidlaganidek, transport-kommunikatsiya va energetika xarakteridagi har qanday yirik mintaqaviy loyihani mintaqa mamlakatlarining faol hamkorligisiz, ularning yuqori darajadagi ishtirokini ta’minlamasdan turib amalga oshirib bo‘lmaydi", – dedi tashqi ishlar vaziri.
Kamilovning fikricha, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki yagona madaniy-tamaddun makoni ekanligini ham unutmaslik lozim. Mintaqada istiqomat qilayotgan xalqlarni umumiy ma’naviy qadriyatlar, milliy urf-odat va an’analarning o‘xshashligi, umumiy o‘tmish birlashtirib turadi.
Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yaqin qo‘shnilari bilan munosabatda ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat tarafdori bo‘lganligini va shunday bo‘lib qolishini ta’kidladi. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan teng huquqlilik va o‘zaro manfaatlilik tamoyillari asosida har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish uchun ochiq.
Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida respublikaning yaqin qo‘shnilaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.
"Markaziy Osiyo haqida gapirganda yana bir yaqqol haqiqatni unutmaslik lozim –mintaqaga Afg‘oniston tarixan,geografik va geosiyosiy jihatdan kiradi. U bizning qo‘shnimiz, umummintaqaviy xavfsizlik tizimining muhim va tashkiliy qismi", – dedi u.
Vazir shu o‘rinda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning barqaror va gullab-yashnayotgan Afg‘oniston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik garovi ekanligi haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Afg‘onistonning tinchlik yo‘liga qadam qo‘yishi ko‘p jihatdan mintaqadagi mamlakatlar ishtiroki lozim bo‘lgan iqtisodiy rivojlanishga bog‘liq.
Tashqi siyosat mahkamasi rahbari nutqi so‘ngida shu yilning noyabrida Samarqandda BMT shafe’ligida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo: bir o‘tmish va bir kelajak, barqaror rivojlanish va o‘zaro farovonlik uchun hamkorlik" nomli xalqaro konferensiya bugungi uchrashuvning mantiqiy davomi bo‘lishiga umid bildirdi.