TOShKENT, 10-avgust — Sputnik. "Ko‘p hollarda mahalla yig‘in xodimlarini mutlaqo boshqa ishlarga jalb etish, vakolat doirasidan tashqaridagi masalalar bilan shug‘ullanishlariga majburlash fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida oqsashlarga sabab bo‘lmoqda", deb yozadi "Mahalla" gazetasi.
Qayd etilishicha, mahalliy hokimliklarning o‘zi fuqarolar yig‘inlarini turli ishlarga safarbar etishda bosh-qosh bo‘lmoqda.
"Ayniqsa, metall parchalarini yig‘ish, boz ustiga, katta miqdorda "norma" belgilash, belgilangan "norma"larni bajarmayotgan fuqarolar yig‘inlariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish, kommunal qarzdorliklarni undirishga jalb etish, qishloq xo‘jaligi ishlariga, o‘z hududidan tashqari joylarni tozalashga majburlash yoki ishchi kuchi topishni buyurishdek achinarli holatlar yurtimizdagi deyarli har bir hokimliklarga xos "fazilat".
Axir, yelkasida sanab adog‘iga yetish qiyin bo‘lgan bir necha dolzarb vazifalari bo‘la turib, bugun ayrim mahalla raislari goh dalada o‘toq, chopiq, chilpish bilan, goh pillayu tutzor muammolari, goh g‘alla tashvishi bilan yugurgilasa, goh majlisbozlikda zallarni to‘ldirishda hoziru nozir bo‘lib, kuniga 10-martalab hokimiyatga chopsa, o‘zlarining ishiga qachon vaqt topadi?!", deyiladi gazeta veb saytida joylashtirilgan maqolada.
Maqolada milliy qonunchilikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonun va meyoriy hujjatlar borligi, bunday hujjatlarda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi, deya qat’iy belgilab qo‘yilganligi ta’kidlanadi.
"Joriy yilning 21-22 iyul kunlari davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga safarlari davomida "viloyat hokimligi, shaharlar va tumanlar hokimliklariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ular faoliyatiga tegishli bo‘lmagan vazifalar bo‘yicha turli yig‘ilishlar va ishlarga (ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlariga, gaz, elektr energiyasi va boshqa kommunal to‘lovlarni undirish, metall parchalarini yig‘ishga) jalb etishni qat’iyan taqiqlash"ni buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-22 iyul kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonida mustahkamlangan.
Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, mahalla faollarining beminnat mehnatiga o‘rganib qolgan mutasaddilar "beminnat dastorlar"ni qo‘yib yuborgisi yo‘q, shekilli. Jumladan, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Jizzax viloyati kengashiga murojaat qilganimizda ularning ham dardi ichida ekani oydinlashdi", deyiladi maqolada hamda bosh mutaxassis Ruslan Nishonovning so‘zlari keltiriladi.
Nishonovning aytishicha, metallom yig‘ish, topshirish fuqarolar yig‘ini zimmasidagi vazifa emas. Lekin mahalliy hokimliklar tomonidan har bir fuqarolar yig‘iniga oyiga o‘rta hisobda bir tonnadan metallom topshirish rejasi belgilab qo‘yilgan.
Baxmal tumani kengashi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Otaboyevning ta’kidlashicha, tumanda 26 ta fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatadi, hokimlik tomonidan har qaysi fuqarolar yig‘iniga bir tonnadan metallom topshirish vazifasi yuklatilgan. "Bu borada biroz qiyinchiliklar bor. Ammo topshiriq uddalanyapti", deydi o‘rinbosar.
Tumandagi "Nurafshon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xolbo‘ta Murodovning jamoasi yil boshidan beri 3,5 tonna metall parchalarini topshirgan.
— Mahallamizga oyiga 500 kilogramm metallom topshirish rejasi qo‘yilgan. Uni ham arang uddalayapmiz. Qiyin bo‘lib ketapti, — deydi rais.
Gazeta muxbirlari Yangiobod tumani kengashi bilan bog‘langanida kengash raisining birinchi o‘rinbosari Farhod Ismoilov tumandagi har bir fuqarolar yig‘iniga 600 kilogrammdan metallom topshirish yuklatilganini bayon etib, hozirgacha belgilangan reja tumanda 33,6 tonnadan oshganini ma’lum qilgan.
Savot qishloq fuqarolar yig‘ini raisi O‘ktam Hamdamov esa shunday deydi:
— Qishlog‘imiz aholisi 2719 nafar. Metallom to‘plash nihoyatda qiyin bo‘lyapti. To‘g‘risini aytganda, mas’ul kotib Salohiddin Ahmedov, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi Ra’no Niyozqulova va men oylik maoshimizdan yig‘ib, metallom sotib olamiz. So‘ngra Dashtoboddagi metallom qabul qilish punktiga topshiramiz. Naqd pulga sotib olgan metallomning puliga bozordagidan qimmatroq narxda elektrod, chelak, tog‘ora, dazmol berishapti. Eng qizig‘i, bu narsalarning bizga keragi yo‘q. Bir necha bor biz uchun zarur bo‘lgan devonxona mahsulotlari — qog‘oz, qalam, ruchka so‘radik. Lekin ololmadik.
"Paxtakor tumani Bog‘ishamol qishloq fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Shavkat Rajabaliyevning hasratlari hammasidan oshib tushdi.
— Bizga sal ko‘proq reja qo‘yilgan, — deydi Shavkat Rajabaliyev. — Hokimiyatdagilarning so‘zlariga qaraganda, aholi soni 7 ming nafar bo‘lgani bois 1,5 tonna metallom topshirishimiz zarurmish. Iyul oyida shuncha harakat qilganimiz bilan buni uddalay olmadik. Belgilanganidan 500 kilogramm kam metall parchalari topshirdik.
Undan shuncha metallomni qayerdan olayotganini so‘radik.
— Hamma gap ana shunda-da, — deydi jig‘ibiyroni chiqqan Shavkat Rajabaliyev. — Homiy izlaymiz, pul topamiz, metallom to‘plovchi tadbirkor O‘ktam Xoliqov bilan "tillashamiz". Xullas, belgilangan topshiriqni uddalashga harakat qilamiz. Qimmat narxda sotib olgan metallomni yarim puliga kilosini 216 so‘mdan sotib, rejani bajaramiz.
Buxoro viloyati mahallalari faollari "metallom" yig‘ish bilan birga majlisbozlikdan beziganlarini ta’kidlashdi.
— Tuman hokimligining har navbatchi yig‘ilishida qatnashishga majburmiz, — deydi ismini oshkor etishni istamagan, g‘ijduvonlik mahalla raisi. — Bunday yig‘ilishlarda bizning faoliyatimizga taalluqli masala ko‘rilsin-ko‘rilmasin, albatta, ishtirok etishimiz shart. Kunduzi-ku, mayli, ammo ba’zida majlis juda kech tugaydi, transport vositalari harakati to‘xtaydi. Uyga ketish uchun taksi chaqirishga majburmiz. Axir, kunda-kunora taksi pulini cho‘ntagimiz ko‘taravermaydi-ku.
Farg‘ona viloyati mahallalari faollari bilan bog‘langanimizda ular ham majlisbozlikdan gap ochib, eng yomoni, bunday majlislarga fermerlarning "davomati"ga yig‘in raislari mas’ul etilganidan yozg‘irishdi. Ya’ni, barcha fermerlar hududiga ko‘ra mahalla raislariga biriktirilgan, agar ulardan birortasi hokimlik yig‘ilishlariga kelmasa, hamma tayoq yig‘in raisining boshida sinarkan(!)", deya davom etiladi maqolada.
Maqola so‘ngida "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengash raislari ham mahalla faolini o‘z ishidan chalg‘itishi emas, aksincha, uning faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qayg‘ursalar, nur ustiga nur bo‘lardi. Axir, hududlarning ma’naviy muhitini mustahkamlash, oilalardagi nizolarni bartaraf etish, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlashdek xayrli ishlarni o‘lda-jo‘lda tashlab, hali u, hali bu masala ortidan chopqillayverish mahalla faoliga yarasharmikan?!", deya fikr bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining kuni kecha e’lon qilingan "Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ma’muriy ish hajmini oshiradigan va yuklatilgan vazifalarni bajarishdan chalg‘itadigan idoralararo yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlandi.