TOShKENT, 27 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Qashqadaryo viloyatiga uyushtirgan safari davomida Qarshi shahridagi Gulshan mahallasida fuqarolar yig‘ini xodimlari va profilaktika inspektori birgalikda ishlashi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.
Qarshi shahrida ham mahalla fuqarolar yig‘inlarining aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, ular uchun zamonaviy sharoit yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda "Gulshan" mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirilgan.
Mahalla idorasining zamonaviy binosida barcha sharoit yaratilgan. Mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilib, kompyuter, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Profilaktika inspektori xonasi mahalla hududidagi jamoat obyektlariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor bilan jihozlangan.
"Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko‘zgusiga aylanishi kerak. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy bo‘lishi kerak. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lishi, kim nima bilan mashg‘ul – hammasini bilishi lozim. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan boxabar bo‘ladigan maskanga aylantirishdir", — dedi Mirziyoyev.
Qarshi shahridagi barcha militsiya tayanch punktlarini bir-biri bilan bog‘lovchi optik tolali tizim barpo etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.
"Bunday uylar profilaktika nozirlarining kechayu kunduz o‘z hududida bo‘lib, mahallada jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlashida muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha profilaktika inspektorlariga mana shunday uylar qurib berish zarur. Bu hududda jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi", — deb ta’kidladi prezident.