TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev mahalla institutini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar qilgan O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Mahalla institutini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:
fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish;
yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;
jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash.
Mahalla idoralariga tegishli vazifalarni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shgan tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillari "Mahalla iftixori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.