TOShKENT, 9-avgust — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tumani sudida 27 yoshli Abroridin Nizomovni "Jabxat an-Nusra" terrorchilik uyushmasi safiga qo‘shilmoqchi bo‘lganligi uchun sudlandi. Bu haqda Podrobno.uz xabar qildi.
Abroridin, Ahkomiddin va Ibrohim Nizomovlar diniy ekstremistik uyushmasi yollanuvchilarning ta’siriga tushib qolganligi aniqlandi.
Aka-ukalar nafaqat o‘zlari Suriyada terrorchilik uyushmasi safiga qo‘shilmoqchi bo‘lishdi, balki butun oila a’zolarini ham olib ketmoqchi bo‘ldilar. Bu 2014-yilda Ahkomiddin mehnat qilish uchun Vladivostok shahriga borishi bilan boshlanadi. U bu yerda "jihodchilik" diniy guruhi tarafdorlari ta’siriga tushib qoladi. Ularning rahbarligida Ahkomiddin diniy-ekstremistik yo‘nalishda ta’lim oladi. So‘ng "Al-Azhar" universitetida ta’lim olish uchun Misrga boradi. 2015-yilda esa Suriyaga ketadi.
"Jabhat an-Nusra" terrorchilik uyushmasi safiga qo‘shilgandan so‘ng Ahkomiddin ukalari Ibroxim, Abroridin va butun oila a’zolarini Suriyaga borish va jangarilarga qo‘shilishga chaqiradi.
O‘sha vaqtda Qozon shahrida ishlab yurgan Ibrohim zudlik bilan akasining taklifiga javob beradi. U Ozarbayjon orqali Turkiyaga o‘tib ketadi. U yerdan Suriyaga o‘tish va "Jabhat an-Nusra"ga qo‘shilishni ko‘zlaydi.
Abroridin internet orqali akasidan xabar olgach ketishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. U avtomashina va oilasiga tegishli bo‘lgan barcha narsalarni sotadi. 2016-yil oktabr oyida noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga jo‘nab ketadi. U yerda O‘sh shahrida istiqomat qiluvchi Qirg‘iziston fuqarosi Murod ismli yigit bilan uchrashadi. Bir qancha vaqtdan so‘ng ular Nizomovlarning butun oila a’zolarini O‘zbekistondan olib ketish rejasini tuzishadi.
Onasi Saidbi Nizomova, Abroridinning rafiqasi Bibisalima ikki nafar voyaga yetmagan bolalari va Ibrohimning rafiqasi Sharifaxon va uning uch nafar voyaga yetmagan bolalari bilan Farg‘onaga qarindoshlarni ko‘rish bahonasi bilan So‘x tumanidan yo‘lga chiqib ketishadi.
Botken viloyatining Qadamjoy tumanida ularni Abroridin va Murod kutib oladi va ularni O‘shga olib boradi.
O‘shda Abroridin butun oilasi bilan Suriyaga ketish rejasini tuzadi. U yerda ularga Qozog‘iston fuqarosi Oljeys ismli yigit yordam beradi. Oljeys ularga Tojikiston fuqaroligi bo‘yicha qalbaki hujjatlarni tayyorlab beradi. Shundan so‘ng, Oljeys oilani Bishkekka olib boradi va shahar markazidagi bir uyga joylashtiradi.
2016 yil dekabr oyida Nizomov oilasi bilan aylanma yo‘llar orqali ikki kuzatuvchi bilan Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishadi. Ular Taraz shahriga yetib boradilar. Lekin 2017-yil yanvar oyida butun oila Qozog‘iston huquq tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarib yuboriladi.
Sud jinoyat ishi materiallarni ko‘rib chiqib, Jinoyat kodeksining 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), shuningdek 244-2-modda (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bo‘yicha Abroridin Nizomovga 6-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud tomonidan oilaning boshqa a’zolariga nisbatan sud hukmini chiqarishda insonparvarlik prinsipi qo‘llanilib, Abroridinning onasi, rafiqasi va akasining rafiqasi shartli ravishda ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi.