TOShKENT, 20-may — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi marg‘ilonlik 46 yoshli Muhayyo Husanovani "Hizb ut-Tahrir" diniy-ekstremistik tashkilotiga aloqadorlikda aybdor deb topib uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqardi, deb xabar berdi suddagi manba Sputnik muxbiriga.
Muhayyo Husanova "Hizb ut-Tahrir" mafkurasi bilan 2012-yilda "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tganida tanishadi. Shundan so‘ng u mazkur tashkilot tarafdorlari bilan faol muloqotga kirishadi, "Hizb ut-Tahrir" faoliyatini targ‘ib qiluvchi materiallarni o‘rganadi.
"2013 yildan so‘ng Husanovaning o‘zi ham ekstremistik g‘oyalarni faol targ‘ib qilishga kirishadi. U "Odnoklassniki" tarmog‘ida bir nechta profil va guruhlar tashkil qilib, ulardan ekstremistlar bilan muloqot qilishda, O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlashga da’vat etuvchi g‘oyalarni targ‘ib qilishda foydalanadi", — dedi sud vakili.
Uning aytishicha, ayol oila a’zolari va qarindoshlarini ham radikal islomga da’vat qiladi. Qulay imkoniyat bo‘ldi deguncha u telefonidagi 8-mart, O‘zbekiston Mustaqilligi kuni va Yangi yil bayramlarini nishonlamaslik kerakligi haqidagi audioyozuvlarni yonidagilarga eshittirishga urinadi. Shuningdek, Husanova IShID haqida ham ijobiy fikrlar bildiradi va O‘zbekistonda xalifalik o‘rnatilishidan umidvorligini aytadi.
Sud ekspertizasi jarayonida Muhayyo Husanova tomonidan "Odnoklassniki" tarmog‘ida joylashtirilgan hamda uning uyali telefonidagi materiallar diniy ekstremizm g‘oyalari bilan singdirilgani va jamoat xavfsizligiga tahdid solishi ma’lum bo‘ldi. Ular konstitutsion tuzumni ag‘darib tashlash, O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan "Hizb ut-Tahrir" tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan.
Ishni o‘rganib chiqqan va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglagansud M.Husanovani O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topdi va uni 10-yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.