TOShKENT, 8-avgust — Sputnik. O‘zbekistonlik jurnalist, Anhor.uz saytining bosh muharriri Lola Islomova O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyevga ochiq xat bilan murojaat qildi, deb yozadi Podrobno.uz. Bunga agentlik yangi bosh direktorining o‘zbek jurnalistikasi borasida yaqinda qilgan bayonoti sabab bo‘ldi.
Saytda ushbu ochiq xat matni keltirilgan bo‘lib, ochiq xat bilan quyida tanishishingiz mumkin.
"O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktoriga ochiq xat
Hurmatli Laziz Xushboqovich!
Sizni asosiy vazifasi OAVning mustaqil faoliyatini amalga oshirishda konstitutsion huquqlarga, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar so‘z va matbuot erkinligi kafolatlariga qat’i rioya etilishini monitoring qiluvchi muassasa rahbari deb murojaat qilmoqdaman. O‘zbekiston MAA nizomida shunday yozilgan.
Mustaqil jurnalistika – demokratik jamiyat belgilaridan biri, mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston hayotida paydo bo‘lgan yangi sahifa. Quvonarlisi, ko‘p yillardan buyon ilk marta O‘zMAA rahbari OAV vakillariga murojaat bilan chiqdi. Sizning OAV vakillariga murojaat qilingan "Ma’naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz" sarlavhali maqolangiz jurnalistlar orasida qizg‘in muhokama va tushunmovchiliklar keltirib chiqardi.
Xolis va konstruktiv tanqid – o‘z-o‘zidan kamchiliklarni ko‘rish va bartaraf etishga yordam beruvchi, har qanday ishni oldinga siljitadigan, taraqqiyotning eng kuchli vositalaridan biri. Ammo aynan shu tufayli mazkur vositadan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Sizning murojaatingiz ortidan e’lon qilingan "Og‘riqli nuqta" maqolasi jurnalistika taqdiridan xavotirlanishga majbur qiladi.
Menimcha, mamlakat fuqarolari taniqli insonlar hayotining qaysi tarafini ko‘rishlari "mumkin"ligiyu, qaysi tarafini ko‘rish "mumkinmas"ligi bilan shug‘ullanish nafaqat ayrim shaxslar, balki hech bir davlat muassasasining ishi emas. Bu inson qadr-qimmatining eng sezuvchan torlarini chertuvchi nozik moddiyat, asosiysi uning O‘zbekiston Konstitutsiyasida kafolatlangan axborot olish va tarqatish huquqidir. Hech bir inson biror shaxs, shaxslar guruhi yoki idora uning nimani bilishi mumkinligi, nimani esa bilishga haqqi yo‘qligini belgilashiga hech qachon rozi bo‘lmaydi.
Har qanday murosasiz kurash jamiyat barqarorligiga putur yetkazadi, odamlarni turli lagerlarga bo‘lib tashlaydi, keskinlik, qarama-qarshilik uyg‘otadi va amalda hech qanday natija bermaydi. O‘rta asrlar inkvizitsiyasini, kosmopolitizmga qarshi, jinsiga qarshi, jaz, opera va baletga qarshi kurashlarni eslaylik. Bu nafrat, qarshilik, odamlarning madaniy xohishlari bo‘yicha bo‘linishidan boshqa hech narsa keltirmadi. Bu kurashlarning tashabbuskorlari o‘zlarni kutgan mevani ololmadilar.
Men sizning adabiy tanqid va sifatli jurnalistikani rivojlantirish borasidagi tashabbusingizni chin dildan qo‘llab-quvvatlayman. Biroq, bir davlat fuqarolarini "o‘ziniki" va "begonalar"ga bo‘luvchi tanqid manzilsiz yo‘l ekanligini tarix ko‘rsatdi. Shunday ekan, keling, o‘tmishdan saboq chiqaraylik.
Siz murojaatingizda xususiy OAVlardagi jurnalistikaning sifati past ekanligi haqida aytgansiz. Ammo xolislik uchun mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha OAV, birinchi navbatda moliyalashtirilishi soliq to‘lovchilar hisobiga amalga oshiriladigan davlat nashrlari va saytlari ham tanqid qilinishi kerak.
Laziz Xushboqovich! Jurnalistlar o‘n yilga yaqin vaqtdan buyon "O‘zbekiston jurnalistlari etikasi milliy Kodeksi"ni qabul qilishni taklif etib kelishmoqda. Sizning yordamingizda jurnalistlar axloq kodeksi va nihoyat dunyo yuzini ko‘rishiga va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishiga, so‘ngra qabul qilinishiga umid qilgimiz keladi. Shubhasiz, axloq kodeksi qonun emas va tavsiyaviy tusga ega, lekin u jurnalistlar uchun ham, jurnalistlarning yozganlarini tanqid qilmoqchi bo‘lganlar uchun ham aniq bir mo‘ljal bo‘ladi. Axloq kodeksining qabul qilinishi media-axloq sohasidagi bahsli masalalar bo‘yicha qaror qabul qiluvchi media-kengash tuzilishini ko‘zda tutadi. Qolgan barcha masalalar sud orqali hal etiladi.
Va nihoyat, Sizning rahbarligingiz ostidagi muassasa sayti haqida. Afsuski, O‘zMAA saytida Sizning murojaatingiz va "Og‘riqli nuqta" maqolasi rus tilida berilmagan. Mazkur maqolalar O‘zbekistonning aksariyati davlat tilini mukammal darajada bilmaydigan ko‘pmillatli jurnalistlari manfaatlariga aloqadorligini e’tiborga olib, ushbu maqolalarning rus tilidagi tarjimasi zarur. Bu tarjimonlikning nozik jihatlari tufayli jamiyat uchun Sizning chin maqsadlaringiz borasida tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini oladi. O‘z o‘rnida aytish lozim, O‘zMAA saytida Agentlikning rus tilidagi so‘nggi xabari 2017-yil martda e’lon qilingan.
Sizning qarashlaringiz chop etilgan rus tilidagi ayrim OAVlarda jumlalar umumiy matndan yulib olingan bo‘lib, tushunmovchilik va asosli xavotir uyg‘otadi. Jamiyat hayotning barcha jabhalarida yangilanishlardan umid qilib yashayotgan bugungi kunda matnning noto‘g‘ri talqini oqibatida kelib chiqadigan o‘zaro tushunmovchiliklardan uzoqroqda bo‘lishni istardik", deyiladi ochiq xatda.
"Hurmatli Laziz Xushboqovich, ko‘plab taniqli hamkasblarimiz sizning bayonotingiz haqida o‘z fikrlarini bildirishgan ijtimoiy tarmoqlarni o‘qing. Balki bir tomonlama bayonot berish emas, jurnalistlar doirasi bilan keng muloqot o‘rnatish davri kelgandir? Balki o‘z tashabbusi bilan OAV bozorida muvaffaqiyatga erishayotganlarni qo‘rqitish emas, ularga yordam berish kerakdir? Umuman, jurnalistlarning xavotirini jiddiy qabul qilishingizga va ularni og‘riqli muammolarni muhokama qilish uchun taklif etishingizga, mahalliy OAV kelajagi borasidagi barcha qarorlar esa bir tomonlama tartibda qabul qilinmasligiga umid qilamiz", deya qo‘shimcha qilingan saytda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining yangi bosh direktori Laziz Tangriyev mahalliy OAVlar borasida bayonot bilan chiqqan hamda agentlik saytida ayrim OAVlar jiddiy tanqid qilingan maqola e’lon qilingandi.