TOShKENT, 6 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi rasmiy saytida "Ma’naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz" sarlavhasi ostida agentlik rahbari murojaati e’lon qilindi.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev o‘z murojaatini avvalgi yozuvchi shoirlar hozirgilariga nisbatan andishaliroq bo‘lgan degan fikr bilan boshlagan. Maqolada maza-matrasiz maqola, she’r yozadiganlar muallif tomonidan "xashaki yozuvchilar" degan nom bilan tilga olingan.
"Bir paytlar yosh yozuvchi yoki shoir asar yozsa, uni e’lon qilishdan oldin o‘ylanib qolarkan: «Bu yozganimni o‘qib, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Oybeklar nima derkin. Ustozlardan baloga qolsamchi» degan andishaga borarkan. Hozirgi maza-matrasiz maqolalar, she’ru hikoyalarni ko‘rib, xashaki yozuvchilarda uyat, insof yo‘qmikan deb qolasan", deyilgan murojaat avvalida.
Shundan so‘ng muallif turli xususiy gazeta-jurnallar, nashriyotlar ijod mahsullarining saviyasi pastligi, badiiy sayozligi kishini xavotirga solishini aytib o‘tgan. Tangriyev bunga sabab "sog‘lom, xolisona tanqid, do‘stona achchiq gap, ustozlar nasihati yetishmayotganidir", — deb qo‘shimcha qilgan.
Nega biz do‘kondan sifatsiz, muddati o‘tgan mahsulot olsak, sotuvchi bilan yoqa bo‘g‘ishamizu ma’naviyatimizga zarba berayotgan, savodsizlikni urchitayotgan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan xususiy ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarga miq etmaymiz", — degan o‘z murojaatida muallif.
Murojaatda qayd etilishicha, endi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bunday "ishbilarmonlar"ga qarshi ayovsiz kurash olib boradi. Choralar ham aniq.
"Endi ularni "qonunni buzmang" degan yumshoq va sip-silliq taqdimnomalar yuborib, ogohlantirish emas, balki qilotgan noma’qulliklarini ko‘rsatib, xalqimiz, jamoatchilik oldida izza qilish fursati yetdi.
Yurtboshimiz aytganlaridek, bu baloga qarshi jamoatchilikni uyg‘otmasak, bir jaholatga o‘n ma’rifat bilan javob bermasak u kun sayin madda boylab boraveradi.
Shu kundan boshlab O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi soha qonunlarini mensimaydigan, milliy qadriyatlarimizni oyoq osti qiladigan, pul topaman deb jurnalistika sha’niga dog‘ tushiradigan qo‘shtirnoq ichidagi "hamkasblarimiz"ga qarshi murosasiz kurash olib boradi.
Ayrimlar bor. Jurnalistikadan mutlaqo yiroq. Hatto kasbining tayini ham yo‘q. Tijoratda o‘zini u toshga uradi, bu toshga uradi-da, omadi chopmasa shunday deydi: "Hamma ishni qilib ko‘rdim, endi bir gazeta yoki nashriyot ochib ko‘ray". Axir erkinlik niqobi ostida mo‘’tabar ijod bo‘stonini payhon qilishga, muqaddas qalam obro‘sini yerga urishga unga kim huquq berdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu murojaat rasman e’lon qilingan agentlik saytida bir qancha nashrlar haqida — ular qo‘l urayotgan "noma’qulliklar" fosh etilgan xabar berilgan.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi axloqsizlik, ommaviy madaniyat, buzuqlik, xotinbozlikni targ‘ib qiluvchi materiallar berib borgan nashrlar haqida xalqqa ilk marotaba rasmiy axborot berdi.