TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. MXX xodimlari maxsus o‘tkazilgan operatsiya natijasida Guliston davlat universiteti katta o‘qituvchisini pora olayotgan paytda qo‘lga oldilar, deb xabar qildi Podrobno.uz.
Xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Quva shahrida istiqomat qiluvchi ayol MXXga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada yozilishicha, "Muxtasar" ismli ayol ariza muallifiga qizi va kelinini Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni taklif qilgan. Ushbu "yordami" uchun ayoldan 6000 dollarni talab qilgan.
Kelib tushgan ariza asosida MXX va soliq, valyuta jinoyatlari va jinoiy daromadni legalizatsiya qilish bilan kurash departamenti xodimlaridan iborat maxsus tezkor guruh tuziladi.
Maxsus o‘tkazilgan operatsiya davomida Guliston shahrida istiqomat qiluvchi ayol pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Olimova Davlat test markazida tanish-bilishi borligini ma’lum qilib, o‘qishga kiritish yordami evaziga firibgarlik yo‘li bilan fuqarolardan pul talab qilish bilan shug‘ullangan.
Olimovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 — firibgarlik va 210 — pora berish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.