TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Tatariston Respublikasi muftiysi Kamil Samigullin bir necha kunlik tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Muftiyning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Moskva, Qozon va Ufa o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini uzib bo‘lmaydi
- Assalomu alaykum, muhtaram muftiy! O‘zbekistonga tashrifingiz boisi nima?
— Vaalaykum assalom! Barchangizga biz uchun chin birodar, do‘st, quyoshli O‘zbekistondan vakillarimiz nomidan salom yo‘llayman. Biz buyerga ko‘pchilik kelganmiz. Bular muftiylar, jamoat arboblari. Tarkibimizda masalan, Rossiya islom instituti rektori Rafik Muxametshin, bu yerda afsonaviy "Paxtakor"ning afsonaviy o‘yinchisi sifatida eslashadigan va qadrlashadigan Marat Kabayev — Islom biznesi xalqaro assotsiatsiyasi rahbari bor.
Bu yerga Rossiya va uning xalqiga hamisha yaxshi munosabatda bo‘luvchi O‘zbekiston, qardosh xalq, dindoshlarimiz bilan do‘stligimiz mustahkam ekanligini bildirish uchun keldik. Bu yerga shuningdek, muftiylar bilan uchrashish, diniy aloqalarni mustahkamlash, biz uchun muhim bo‘lgan ta’lim tizimidagi muloqotlarimizni kengaytirish maqsadida tashrif buyurdik. Bundan tashqari, tarixiy arboblar xotirasiga Rossiya musulmonlari nomidan hurmat bajo aylash maqsadimiz bor.
Men imom al Buxoriy, imom Abu Mansur al Moturidiy, Qusam ibn Abboslar (barchalarini Alloh rahmatiga olsin) haqida aytmoqdaman. Ular haqiqatan o‘z davrining buyuk insonlari, uzoq kelajak – biz uchun iz qoldirib ketgan shaxslardir. Biz Toshkent, Samarqand, Buxoroda bo‘ldik.
- O‘zbekiston va Tatariston diniy sohada qanday hamkorlik qilib keladi?
— Tashrifimiz aynan mana shu jihatni batafsil muhokama qilishni ko‘zda tutadi. Aytishim lozim, islom yo‘nalishi, birinchi navbatda ta’lim va ma’rifat muloqotlarimiz asosini tashkil etadi. Tan olib aytamanki, biz barcha imkoniyatlardan foydalanmayapmiz. Imkoniyatlar esa yetarli!
Masalan, o‘zbekistonlik olimlarning Rossiyada islomdan saboq berishlari. O‘zbekistonda ulkan tarixiy meros mavjud. Yetakchi oliygohlar, muallimlar, olimlar bor. Nega ularni Rossiyaga, Tataristonga taklif etmaymiz? Kuzda bizda Bolgar islom akademiyasi ochiladi. Bizga muallimlar kerak. Xullas, imkoniyatlar bor, muhimi, ulardan foydalanish va yanada muhimi, qanday foydalanish.
Bundan tashqari, bu masalani Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Turdenev, Tataristonning bu yerdagi siyosiy vakili Ramilem Shakirov bilan muhokama qildik. Uchrashuv davomida mamlakatlarimizda diniy ta’limni yaxshilash borasida fikr almashdik.
- Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi migrantlar va xususan o‘zbekistonliklar bilan qanday ish olib boradi?
— Vaziyat quyidagicha. Tataristonda ham mamlakatimizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Masjidlarimizga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlaridan fuqarolari kelishadi. Ular tartib-intizomli, davlat qonunlariga itoat etishadi, rus tilini o‘rganishadi, tatarchani esa deyarli bilib olishgan!
Lekin o‘zbekistonliklar haqida alohida gapirmoqchiman. Negadir masjidlarimizda, ma’ruzalarimizda ular juda kam ko‘rinishadi. Harholda ularning Qozon shahrida necha kishi ekanligini bilamiz. Ular nega masjidga kelishmaydi? Masjidga kelishmasa, qayerda yig‘ilib ibodat qilishadi? O‘zbeklar e’tiqodli ekanligini bilaman, lekin nimagadir ular masjidlarda ko‘rinishmaydi.
Bu fikrimni O‘zbekiston din ishlari bo‘yicha qo‘mitasiga qilgan tashrifim vaqtida bildirdim va menga "Ular bilan muloqot uyushtiradigan vakilimizni Rossiyaga jo‘natsak-chi?" degan javobni aytishdi. Bu muhim masala. Ishonchim komilki, buni hal qilamiz. Biz shuning uchun bu yerga keldik. Migrantlar kelgan mamlakatlari ijtimoiy hayotida ishtirok etishlari lozim. Yakkalanish, ajralib olish ijobiy natijaga olib kelmaydi.
— O‘zbekiston musulmonlari idorasi islom yo‘nalishi bo‘yicha onlayn-saboqlar tashkil etdi. Bu tashabbusga qanday qaraysiz? Tataristonda ham shunday ishni yo‘lga qo‘yish mumkinmi?
— Bizda bunday kurslar mavjud. Bundan tashqari, boshqa ta’lim loyihalarimiz ham bor. Bu yo‘nalishda o‘zbekistonlik hamkasblarimizga maslahatlar berishimiz mumkin. Yetarlicha tajribaga egamiz.
Bir holatni e’tirof etmoqchiman. SSSR tarqalganidan keyin hammamiz o‘z qobig‘imizga o‘ralib qoldik. Hammaning o‘z rejasi, o‘z ishi bor. Balki o‘z holimizcha yashab ko‘rarmiz, umumiy o‘tmishning nima keragi bor deb o‘yladik.
Ayon bo‘ldiki, alohida yashay olmas ekanmiz. Muloqot, suhbat, tashriflar kerak ekan.
O‘zbekiston va Rossiya uchun siyosiy, iqtisodiy, madaniy va diniy muloqotlarni saqlab qolish va kengaytirish juda muhim.
- O‘zbekiston haqidagi taassurotlaringiz qanday?
— "Mir Arab" madrasasida, Imom al Buxoriy maqbarasida bo‘ldik, Samarqanddagi muqaddas qadamjolar, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qildik. Bu ziyoratlarimiz bizda ulkan taassurot qoldirdi.
"Mir Arab" madrasasiga borganimizda delegatsiyamiz a’zolari – sochlari oqargan olimlar, muftiylar quvonchdan xuddi yosh bolalardek sakradilar. Yoshlik davrlarini esladilar. Bu yerda kimlar bilan o‘qiganlarini xotirladilar.
Ularga qarab o‘yladim: "Allohim! Ular judayam yosharib ketishdi. Ular qadimiy Buxoroda yoshliklaricha qolishgan".