TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda fan dasturlari yangitdan ishlab chiqiladi. Bu haqda O‘zbekiston Hukumat portalida e’lon qilingan O‘zbekiston prezidentining yangi "Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida aytib o‘tilgan.
Bundan tashqari ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarining mutaxassislar tayyorlash sifatiga bo‘lgan talablarini bevosita ta’lim mazmunini shakllantirish bilan shug‘ullanadigan oliy ta’lim muassasalari profil kafedralarining professor-o‘qituvchilari tomonidan tizimli o‘rganib borilishini tashkil etish maqsadida stajirovkalar joriy qilinadi.
Joriy yilning 1-sentabrigacha rivojlangan xorijiy davlatlarning eng ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda o‘quv rejalari va fan dasturlari, o‘quv adabiyotlari, shu jumladan, o‘quv-metodik komplekslarining xalqaro standartlar asosida zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqiladi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilinadi.
Har oyda Kompleks rahbari, tegishli vazirlik va idora rahbari biriktirilgan har bir oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan tarmoqqa (sohaga) oid yangiliklar, rivojlantirish istiqbollari, ta’lim mazmunini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazib boradilar.