TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Samarqand viloyat Matbuot uyida 1-avgust kuni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan davlat test sinovlariga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida 2017-2018 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari, test sinovlarini o‘tkazishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida ma’lumot berildi.
Bu yil Samarqand viloyatidagi 7 oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 7014 nafar yoshlar o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu o‘rinlar uchun 15-iyundan 15-iyulga qadar 63 ming nafar abituriyent oliygohlar qabul komissiyalariga hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 8,3 %ga ko‘pdir.
Bugungi kunda barcha qabul komissiyalarida abituriyentlarga test sinovlariga kirish uchun beriladigan Davlat test markazi guvohnomalari tayyorlab qo‘yilgan va test imtihonlari o‘tkaziladigan binolarda 2017-yil 28-iyul kunidan boshlab tarqatiladi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Bu yil Samarqand shahridagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarining 69 binosida test sinovlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu binolarning texnik, xavfsizlik holati va boshqa jihatlar mutasaddi idoralar vakillari tomonidan o‘rganilib, test sinovlarini o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. 1854 ta auditoriya tayyor holatga keltirib qo‘yildi.
Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va umumta’lim maktablarining 11 ming nafar tajribali pedagog va rahbar xodimlaridan iborat auditoriya rahbari va nazoratchilari shakllantirildi. Shuningdek, 580 kishi Davlat test markazi vakili sifatida jarayonni bevosita kuzatib boradi.
1 avgust kuni Samarqand shahar jamoat transporti ham o‘z faoliyati odatdagidan erta boshlaydi. Shuningdek, 100 dan ortiq avtobus jalb qilingan holda qo‘shimcha yo‘nalishlar tashkil etiladi.
30 iyul kuni test sinovlari o‘tkaziladigan barcha binolarda abituriyentlar, auditoriyalar rahbar va kuzatuvchilariga 1-avgust kuni bo‘ladigan jarayonlar, test o‘tkazish tartiblari ko‘rgazmali tarzda tushuntirilib, zarur tavsiyalar beriladi.
Shuningdek, abituriyent imtihon davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki unga yordam bersa, ajratilgan vaqt tugagandan keyin test materiallarini topshirishdan bosh tortsa, savollarni auditoriyadan tashqariga chiqarsa, savollar kitobini yirtsa ham test jarayonidan chiqarib yuboriladi. Bundan tashqari, bu yil abituriyentlar test sinovlarini erta topshirganidan qat’iy nazar belgilangan vaqt tugaganidan keyingina binodan chiqariladi.