TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Mana 20-yildirki iyun va iyul oylari O‘zbekistonda OTMlarga kirishga ahd qilgan abituriyentlarni chuv tushirishga ixtisoslashgan firibgarlar uchun "eng qizg‘in mavsum" bo‘lib kelmoqda.
Bu kabi firibgarliklar haqida OAVlarda qanchalik yoritilmasin, televideniyeda lavhalar tayyorlanmasin, orzuidagi oliy o‘quv dargohiga kirish niyatida, ishonuvchan abituriyentlar va ularning ota-onalari firibgarlarga o‘n minglab dollarlarni o‘z qo‘llari bilan topshirishda davom etmoqda. Sputnik O‘zbekiston muxbirlari bu yil ahvol qandayligini bilishga hamda odamlar nima uchun "pixini yorgan" tovlamachilarga ishonishda davom etmoqda degan savolga javob topishga harakat qildilar.
Shamol bo‘lmasa…
O‘tgan asrning 90-yillari boshida O‘zbekistonda o‘qishga kirish uchun test sinovlari tartibi joriy qilingan edi. Sobiq Ittifoq davrida so‘nggi 60-yil davomida ida amal qilgan og‘zaki imtihonlardan favqulodda ravishda voz kechilib, test sinovlari tartibiga o‘tilishi, boshqalar hisobidan boylik orttirishga ustasi farang bo‘lgan muayan toifadagi kishilarda, tabiiyki, katta qiziqish uyg‘otmay qolmadi. Eng qizig‘i, firibgarlarning salmoqli qismini ushbu holatni chamalab, zudlik bilan yo‘l-yo‘riq topgan oliy ta’lim maskanlari xodimlari tashkil qildi.
Aynan o‘sha vaqtda o‘zbek abituriyentlari o‘rtasida o‘qishga kirishda ishlatiladigan, eng muhim, "bunker" va "parovoz" so‘zlari paydo bo‘ldi.
Firibgarlar tomonidan o‘ylab topilgan ayyorona sxemalardan biri — "parovoz" deb atalardi. Bunda domlalar yoki ota-onalarning o‘zlari abiteriyent o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan oliygohga hujjat topshirishga rozi bo‘ladigan chuqur bilimga ega oliygoh talabasi yoki magistrantini topar edilar. Qabul komissiyasi xodimlari ma’lum summa evaziga hujjatlardagi nomuvofiqlikka "ko‘z yumishga" rozi bo‘lar, imtihonlarga kiritilgan "parovoz" auditoriyada o‘tirib olib ota-onalari pul to‘lagan abiteriyentlar uchun test savollarini yechish bilan shug‘ullanardi.
O‘tgan yillar davomida o‘qishda kirishda turli firibgarlik ishlarini amalga oshirgani uchun butun mamlakat bo‘ylab yuzlab oliy o‘quv dargohlari sudga tortildi va sodir etgan jinoyatiga yarasha jazolandi. Ammo bu ham osonlikcha pul topishga o‘rganib qolgan muayan oqimni to‘xtata olmadi. Faqatgina so‘nggi ikki hafta ichida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan poraxo‘rlik bilan bog‘liq bir nechta shov-shuvli jinoyatlar fosh qilindi.
Misol uchun, Farg‘ona politexnika instituti dekanlaridan biri o‘qishga kirishda "xolis" yordam qilish uchun bir ota-onadan 7 ming AQSh dollari olgan. U bu ishda "parovoz" sxemasidan foydalangan. Ya’ni a’lo baholarga o‘qiydigan talabalarni topib, qabul komissiyasi tarkibida bo‘lganligi bois, ularga tegishli hujjatlarni soxtalashtirgan va bu orqali ularning test jarayonida ishtirokini ta’minlagan.
Firibgarlikning yana bir shakli
Abituriyentlarning OTMlarga kirishlarida avj olgan poraxo‘rlik tizimi bilan bir qatorda tovlamachilikka asoslangan sxemalar ham "gullab-yashnar" edi.
Misol uchun, muayan oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlarni tayyorlash kurslari haqida e’lonlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak? Bu holatda sxema juda oddiy ishlaydi. Tovlamachilar ularning oldiga keladigan ota-onalarga farzandlarini o‘qishga kiritishga yordam berishlarini aytib, yaxshilab "ishlov" beradilar. Gap orasida, firibgarlar o‘zlarini xuddi vijdonli kishilardek ko‘rsatib, barcha shartlarni oldindan kelishib oladilar: ya’ni, har xil holat bo‘lishi mumkinligi, agar yosh yigit(qiz) imtihondan "yiqiladigan" bo‘lsa, berilgan pullar to‘laligicha qaytarilishi aytib o‘tiladi. Bu yerda tovlamachilar "ehtimollar" nazariyasi asosida ish ko‘radilar — o‘nlab abituriyentlar orasida kimdir albatta o‘z kuchi bilan o‘qishga kiradi, va xuddi shundaylarga, ular "yordam" tufayli o‘qishga kirgani aytilib, pul undiriladi.
Test sinovlarida tushib qolishi mumkin bo‘lgan savol-javoblar jamlanmasi abituriyentlar o‘rtasida juda keng tarqalgan firibgarlikning yana bir turi hisoblanadi. O‘zbekistonda bu ulkan biznes darajasigacha ko‘tarilgan. Imtihonlar arafasida shparkalkalar yuz minglab nusxalarda chop etiladi va sotiladi.
Davlat Test markazi vakilining bizga bergan xabariga ko‘ra, juda ko‘plab ota-onalar va abituriyentlar firibgarlar tomonidan o‘ylab topilgan bu nayrang qurboniga aylanishgan. Sababi, firibgarlar tomonidan chop etiladigan test savol-javoblari faqatgina tashqi jihatdan imtihonda ishlatiladigan savol-javoblarga o‘xshashi mumkin. Aslida esa bu to‘plamlar abituriyentlarni chalg‘itadi, ularda yolg‘ondan go‘yo imtihonga tayyordek taassurot uyg‘otadi, eng achinarlisi savollarga ko‘pdan-ko‘p holatlarda noto‘g‘ri javoblar berilgan bo‘ladi. Suhbatdoshimizning so‘zlariga qaraganda, kirish imtihonlarida foydalaniladigan test savollarini ko‘rish uchun juda kam kishiga ruxsat beriladi. Shu bois, test savol-javoblari imtihonga qadar firibgarlar qo‘liga chiqib ketishi mumkin emas.
Tovlamachilar tomonidan o‘ylab topilgan sxemalarni shaxsan sinab ko‘rishga ahd qilib, o‘qishga kiritish va’dasi berilgan bir nechta e’lonlar bo‘yicha qo‘ng‘iroq qildik. Ammo, eng g‘alati tomoni shundaki, bu raqamlarning barchasi yoki "xizmat doirasidan tashqarida", yoki vaqtinchalik blokirovka qilingan bo‘lib chiqdi. Ammo 20 daqiqalardan so‘ng Abdulla ismli allakim biz bilan bog‘lanib, unga nima sababdan qo‘ng‘iroq qilishganiga qiziqib ko‘rdi. Sababini aytganimizdan so‘ng, o‘qishga kirishga bajonidil yordam berishini aytdi.
Abdullaning so‘zlariga qaraganda, Davlat Test markazida uning yaqin bir tanishi bor bo‘lib, u orqali mamlakatning istalgan oliy o‘quv dargohiga kirish imtihonlarida ishlatiladigan test savol-javolarini qo‘lga kiritish mumkin. Buning uchun bizdan faqatgina elektron koshelokka pul o‘tkazish so‘raldi. Pul tushishi bilan internet pochtamizga test savollari variantlari kelib tushishi va’da qilindi.
Bu sxema kashfiyotchilari ham, uni amalga oshiruvchilar ham firibgarlar ekani shundoqqina ayon. Va bunday sxemalar mamlakatimizda son-sanoqsizdir. Sputnik O‘zbekiston tahririyati abituriyentlardan hushorroq bo‘lishni so‘raydi. Firibgarlar beradigan va’dalarga uchmay, imtihonlargacha qolgan ozgina qimmatli vaqtingizni yaxshisi sizga asqotadigan — kitob mutolaasiga sarflang, deb qolamiz.