TOShKENT, 10 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yanvar oyining boshida O‘zbekiston Tibbiyot vazirligi va viloyat hokimlari bilan bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada Tibbiyot sohasida mavjud bo‘lgan ko‘plab muammolarni muhokama qildi.
Jumladan, tibbiyot sohasida kerakli mutaxassislar tayyorlash, viloyatlarda kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish kabi muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
"Respublika bo‘yicha ajratilgan 92 ming shtat birligidan 10400 tasi vakant bo‘lib qolmoqda. Vakant! Bular – anesteziolog, rentgenolog, psixiatr, pediatr, ftiziatr, labarant, shifokor mutaxassilardir", — dedi Mirziyoyev.
Prezidentning fikriga ko‘ra, ushbu muammolarning asosiy sababi — tibbiy kadrlar tayyorlash tizimida kamchiliklar va o‘z yechimini kutayotgan muammolar
Mirziyoyev aytishiga ko‘ra, ushbu muammolarni hal qilishda, qo‘yidagi masalalarga e’tibor qaratish zarur: baklavriat bosqichida o‘qish muddati 7-yildan 6-yilgacha qisqartirilishi va yangi malaka oshirish va o‘quv rejalarini joriy etish.
Shundan keyin, prezident Tibbiy akademiyaning rektoriga murojaat qilib: — Nega tibbiyot akademiyasini tugatganlardan hech kim Surxondaryoga yoki Qashqadaryoga ishga bormapti? Nima u yerda kasal yo‘qmi?, — deb so‘radi.
Ushbu muammolar yechimi sifatida, Mirziyoyev "kerak bo‘lsa kelasi yil “oblastnoy nabor” olamiz. Kerak mutaxassilarni viloyatlardan olib o‘qitib qaytib viloyatlarga yuboramiz", — dedi.
Tibbiyot OTMlari o‘quv dasturidagi umumiy o‘quv yuklanmasini optimallashtirish, yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llash va amaliy ko‘nikmalarni to‘laqonli o‘zlashtirish, talabalarga shart-sharoitlarni yaratish va OTMlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash natijasida ta’lim sifatini yaxshilash kerakligi ham aytib o‘tildi.
"Talabalarga o‘tilayotgan dars sifati qanday? Kerak bo‘lsa darsni o‘sha klinikaning o‘zida beringlar. Hayot talabiga javob beradigan o‘quv jarayoni yaratinglar. Koreyada qanday ekanligini o‘rganinglar. Uchinchi kursdan talabani o‘zining yo‘nalishigga qarab klinikalarga yuboringlar, navbatchilikka qo‘yinglar. Kerak emas uni auditoriyaga bog‘lab qo‘yish", — dedi Shavkat Mirziyoyev nutqining tibbiy OTMlarga bag‘ishlangan qismida.