Buxoro viloyati hokimligi: tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, muammolarni hal qilamiz

Obuna bo‘lish
Sputnik tahririyatiga 30 ga yaqin buxorolik tadbirkorlar nomidan xat kelib tushdi. Ushbu xatda tadbirkorlar o‘z muammolarini bayon etishgan

TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘ttiz nafarga yaqin buxorolik tadbirkorlar tomonidan Sputnik tahririyatiga yo‘llangan maktubda Buxoro viloyatida 16 ta baliqchilik fermer xo‘jaligining bekor qilinishi natijasida 600 dan ziyod odamlar ishsiz qolishgani, shahar markazidagi zamonaviy supermarketga aylantirilishi rejalashtirilayotgan "Dilkusho" bozorida esa 4 oydan beri hech qanday qurilish ishlari olib borilmayotgani va buning natijasida tadbirkorlarning 70%i ishsiz qolayotgani bayon etilgan.

Buxorodagi Dilkusho dehqon bozori - Sputnik O‘zbekiston
Buxoro hokimligi "Ozodlik"ning "Dilkusho" bozori haqida tarqatgan xabariga raddiya berdi
Eslatib o‘tamiz, sal vaqt oldin ham Buxoro hokimligi "Dilkusho" bozori rekonstruksiyasi borasida viloyat aholisiga batafsil tushuntirish berib o‘tgan edi.

Tadbirkorlar tomonidan yo‘llangan maktubda keltirilgan masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Sputnik muxbiri Buxoro viloyati hokimligi bilan bog‘landi.

Xatda keltirilgan masalalar bo‘yicha hokimlikning umumiy bo‘lim rahbari Olima Ro‘ziyeva quyidagicha izoh berdi:

"Baliqchilik fermer xo‘jaligining bekor qilishini masalasi bo‘yicha umumiy bo‘lim rahbari sifatida hech qanday izoh bera olmayman. Bu masalalalar batafsil tekshirilib chiqilishi kerak. "Dilkusho" bozoriga keladigan bo‘lsak, bozor 10-yildan beri talablarga umuman javob bermasdi. U yerda o‘ta tartibsiz holatda savdo bo‘lardi. Qolaversa, bunday holat shahar markazi qiyofasiga umuman mos emas edi. So‘nggi to‘rt oy ichida bozorda hujjatlarda belgilangan meyorlar bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda". 

Tadbirkorlar noroziligi masalasiga to‘xtalar ekan, Ro‘ziyeva hokimiyat xodimlari tadbirkorlarga viloyatda bo‘layotgan qurilish ishlari haqida batafsil tushuntirish bermagan bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi. "Har bir tadbirkor qonun himoyasida. Ularning barchasiga savdo joylarini ajratganmiz. Tadbirkorlarni ko‘chaga tashlab qo‘yganimiz yo‘q", — dedi hokimiyat xodimasi.

Ro‘ziyeva shuningdek, shu kunlarda Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev tashabbusi bilan viloyat televideniyesi orqali jismoniy va yuridik shaxslar, xususan, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilishi haqida e’lon berilayotganini ma’lum qildi.

Ayolning so‘zlariga qaraganda, buxoroliklar bilan bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotda har bir murojaatga viloyat hokimi shaxsan javob berishi ko‘zda tutilgan.

Buxoro - Sputnik O‘zbekiston
Buxoro brendini dunyoga targ‘ib qilish ishlari boshlandi
"Yangilanishlar har doim bir oz qiyinchiliklar bilan o‘tadi. Hali ko‘rasizlar, 1,5-2 yildan so‘ng yaratilgan qulayliklardan viloyatimiz tadbirkorlarining o‘zlari xursand bo‘ladilar", — deb suhbatga yakun yasadi Ro‘ziyeva.

Sputnik tahririyatidan yordam so‘rab xat yo‘llagan buxorolik tadbirkorlarga shuni ma’lum qilmoqchimizki, viloyat hokimligi sizlarning murojaatingizni qonunda belgilangan vaqt ichida ko‘rib chiqib, yozma ravishda yoxud xalq bilan bo‘ladigan ochiq muloqot davomida javob berilishini ma’lum qildi.

Yangiliklar lentasi
0