Quronboyev yoshlarni xorijga chiqib ketishdan qanday qaytarish mumkinligini aytib o‘tdi

© Sputnik / Aleksey Filippov / Mediabankka o‘tishMigrantlar
Migrantlar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev O‘zA muxbirining "Yoshlarimizning ma’lum qismi xorijga chiqib ketmoqda. Vaziyatni o‘nglash bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?" degan savoliga javob berdi

TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Ayrim yoshlarning noqonuniy ravishda xorijga chiqib ketayotgani va bu ko‘rsatgich yildan-yilga ortib borayotgani masalaning mohiyatiga to‘liq yetib borolmayotganimizni ko‘rsatadi, — dedi O‘zA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev.

Migrantlar - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev "Kamolot" IV qurultoyida xorijda yurgan yoshlar masalasini ko‘tardi
"Kezi kelganda darsga qatnashmayotgan o‘quvchisining qayerda yurganini bilmaydi, deb o‘qituvchini, o‘smirning nojo‘ya og‘ishidan xabarsiz, deb kollej psixologini, hududidagi oilalar ahvoli bilan tanish emas, deb mahalla mas’ullarini aybdor sanaymiz. Lekin bir oilada, bir uyda yashayotgan o‘g‘li yo qizining bir necha kundan beri uyda yo‘qligini ham "payqamaydigan" yoki farzandining nojo‘ya xatti-harakatidan boxabar bo‘lsa-da, biron chora ko‘rib, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga uquvsiz, beparvo, loqayd ota-onalarni nima deyish mumkin? Agar ular o‘z farzandi taqdiri uchun jon kuydirganda, bir nechta davlat va nodavlat tashkilotlari uchun jamiyatda yangi-yangi muammolar paydo bo‘lmasdi", — degan Quronboyev.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisiga ko‘ra, ayrim yoshlar xorijda ishlash orqali o‘z turmushini, oilasi hayotining moddiy farovonligini ta’minlashni maqsad qilishadi. Uy-joyga ega bo‘lish, mashina sotib olish, zamonaviy uy-ro‘zg‘or anjomlari, maishiy texnika, mebel jihozlari kabi hayotiy ehtiyojlarga oylik maosh bilan erish mushkulligini ro‘kach qilishadi.

Bu borada davlat ko‘rsatayotgan ijtimoiy himoya tamoyili, afsuski, yoshlar auditoriyasini to‘la qamrab ololmagan. Qolaversa, davlatning yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi ayrim mansabdorlarning aybi bilan hamma joyda birday xolis va adolatli bajarilmayapti. Bunday noxolislikni ko‘rgan qoni qaynoq, ta’sirchan yoshlar bir zumda o‘z xulosasini chiqarib, butun bir davlatni adolatsizlikda ayblaydi. So‘ngra o‘zicha adolat va moddiy farovonlik qidirib o‘zga yurtlarga ravona bo‘ladi. U yerlarda o‘z sha’ni, obro‘-e’tibori, g‘ururi, hatto or-nomusi toptalib, sarson-sargardon bo‘lishini mulohaza qilib o‘tirmaydi.

Jinoyatchilar - Sputnik O‘zbekiston
Rossiyada qamoqxonalarda o‘tirgan mahbuslar soni bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi o‘rinda
"Najmiddin Kubro kabi buyuk ajdodlarimiz "Yo Vatan, yo saodatli o‘lim", degan g‘oyani o‘z hayotida dasturilamal qilib olib, har qanday tang vaziyatda, hatto eng tahlikali damlarda ham yurtdan oyog‘ini uzmagan. Yaqin o‘tmishimizda yashagan kishilar — Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir sinovli yillar iztirobini chekkanlar hali oramizda ko‘p. Ana o‘shalar boshidan kechirgan, guvohi bo‘lgan qora kunlar tafsilotini ko‘p eshitganmiz. Hatto bir burda zog‘ora nonga zor yashab, kunjara yeyishgacha borib yetganda ham odamlar boshqa joyga ketish haqida o‘ylab ko‘rmagan. Ularda g‘urur, oriyat kuchli bo‘lgan. O‘tkinchi hoyu havas, qorin qayg‘usi uchun o‘zga yurtda sargardon bo‘lishni inson uchun nomunosib, deb bilgan. Bugun minglab farzandlarimizning xorijda noqonuniy mehnat migrantlari bo‘lib yurishi ularga oilada avvalboshdanoq shu tarbiyani berolmaganimiz oqibatidir", — deb qo‘shimcha qilgan Quronboyev.

Har bir yosh taqdiriga alohida e’tibor bilan qarash, ularning munosib sharoitlarda o‘qishi, ishlashi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish kerak, deb ta’kidlagan Quronboyev. "Zotan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan yoshlar har qanday muammoni hal etishga, eng murakkab vazifalarni ham bajarishga qodir bo‘ladi. Bunday yoshlar qiyinchiliklardan cho‘chimaydi — irodasi mustahkam, har qanday sharoitda ham elu yurtga sodiq bo‘lib qolaveradi. Bizning bosh vazifamiz yoshlarimizni ana shu ruhda kamolga yetkazishdir", — deb qo‘shimcha qilgan u.

Yangiliklar lentasi
0