TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini tanlab olish va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarori e’lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, oliy o‘quv yurti va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari vazirlik tizimiga mutaxassisliklari bo‘yicha quyidagi tartibda tanlab ishga olinadi:
Tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar profilaktikasi ishlarini olib borish mutaxassisligiga oliy o‘quv yurtlarining tabiiy ta’lim yo‘nalishlaridan birini, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar profilaktikasi ishlarini olib borish mutaxassisligiga oliy o‘quv yurtlarining texnika-texnologiya ta’lim yo‘nalishlaridan birini bitirgan bo‘lishi kerak.
Radiatsion, kimoviy va biologik (bakteriologik) muhofazasi ishlarini olib borish mutaxassisligiga oliy o‘quv yurtlarining fizika (yadro fizikasi), kimyo, kimyo-texnologiya, biologiya, biologiya-kimyo, tibbiyot, radiologiya, sanitar-epidemiologiya, geofizika yo‘nalishlari bitiruvchilari qabul qilinadi.
Moddiy-texnik ta’minot, zaxira va qurilish yo‘nalishidagi mutaxassisliklarga esa oliy o‘quv yurtlarining yengil va oziq-ovqat sanoati, iqtisodiyot, avtomobil, qurilish yo‘nalishlari bitiruvchilari qabul qilinadi.
Ular muddatli harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lishi kerak.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari esa mutaxassis-qutqaruvchi lavozimiga (dezinfeksiya instruktori, dozimetrist, gazdan qutqaruvchi va shu kabi barcha qutqaruvchi lavozimlariga) qabul qilinishda yoshi 18 dan kichik 30 yoshdan katta bo‘lmasligi, bo‘yi 175 smdan kam bo‘lmasligi, jismonan baquvvat, ruhan sog‘lom, mustaqil fikr yuritadigan bo‘lishi, shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda zaharli moddalar bilan, shuningdek, sog‘lig‘iga ko‘ra balandlikda ishlashga yaroqli bo‘lishi, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lishi kerak.
Nizomda keltirilishicha, qutqaruvchi-haydovchi lavozimiga ishga kiruvchilar kamida "VS" toifali haydovchilik guvohnomasi, haydovchining tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi bo‘yicha maxsus ma’lumotnomasi bo‘lishi hamda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari va shartli belgilarni mukammal bilishi zarur.
G‘avvos-qutqaruvchi lavozimiga qabul qilinadiganlarga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan suv ostida ishlashga ruxsat berilgan bo‘lishi kerak.
Nizomda shuningdek, ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi, talabalarini tanlab ishga qabul qilish tartibi, qutqaruvchi lavozimlariga nomzodlarni tanlab olish shartlari, taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati ko‘rsatilgan.