TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Huquq-tartibot organlari xodimlari poytaxtda fohishaxona sifatida foydalanilgan xonadonlarning musodara qilinishi holatlari bo‘yicha izoh berdi, deb yozadi Sputnik muxbiri.
Keyingi vaqtda poytaxtda fohishalik, odam savdosi va fohishaxona saqlash jinoyatlariga qarshi faol kurash olib borilmoqda. Shu bilan birga fohishaxona saqlash holati aniqlangan xonadonlar egalarining uy yoki xonadoni adolatsiz ravishda musodara qilinganligi haqida sudga murojaat qilish holatlari oshib bormoqda.
Bu yerda oddiy holat yuzaga kelgan – xonadonni ijaraga olgan shaxslar yashirincha fohishaxona tashkil etishgan. Fohishaxona saqlash holati aniqlangan xonadon davlat foydasiga musodara qilingan, sud majlislari ayrim holatlarda xonadon egasining ishtirokisiz o‘tkazilgan va uyi musodara qilinganini uy egasi keyin bilgan.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevning aytishicha, aniqlangan bunday holatlarning har biriga (xonadonni davlat foydasiga musodara qilish) sud va tergov alohida yondashadi, xonadondan fohishaxona sifatida foydalanilganmi, xonadon egasi bu haqda bilganmi, u ijarachidan qancha miqdorda haq olib turgani aniqlanadi.
"Agar xonadondan odam savdosi maqsadida foydalanilganligi aniqlansa, u jinoyat quroli deb topiladi, jarayonda mulk egasining ishtiroki hech qanday rol o‘ynamaydi. Fohishabozlik va odam savdosida foydalanish maqsadida uy qurilishi va xonadonlar ta’mirlanishi holatlari aniqlangan. Agar biz bu dalillarni isbotlasak, uy egasi xonadonni tartibli odamlarga bergani haqida aytsa, biz buning aksini isbotlasak, uy egasining murojaati ahamiyatga ega emas", — dedi Toshxo‘jayev.
IIBB vakilining aytishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xonadon egasi jinoyatga aloqador bo‘lmasa, huquq-tartibot organlari uni majburiy tartibda tergov qilmaydi yoki sud jarayoniga jalb etmaydi. Xonadon egasining fohishaxona tashkil etishga aloqadorligi isbotlansagina u sudga tortiladi.
Boshqa tomondan, dedi Toshxo‘jayev, agar ijarachi fohishaxona saqlash jinoyatini sodir etsa va uy davlat foydasiga musodara qilinsa, uy egasi esa jinoyatga aloqador bo‘lmasa, jinoyat sodir etgan ijarachi uy egasiga uyning qiymatini to‘lab berishga majbur bo‘ladi.
"Musodara qilish bilan bog‘liq har bir holatga alohida yondashiladi. Agar xonadondan fohishaxona sifatida foydalanilgan bo‘lsa, uning egasiga qaytarilish imkoni ko‘proq bo‘ladi. Mabodo undan odam savdosi maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, u davlat foydasiga musodara qilinishi ehtimoli ko‘proq. Bunda jinoyatning og‘irligi e’tiborga olinadi", — ta’kidladi Doniyor Toshxo‘jayev.
Huquq-tartibot organlari xodimlari xonadonni ijaraga berishda qonunga amal qilinishi sudda uy egasining haqligini isbotlashda ko‘proq imkoniyat berishini qayd etishdi.