TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. O‘zbekiston hukumati qarzdorlarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzish tartibini tasdiqladi, deb xabar qildi Podrobno.uz.
Yangi tartibga ko‘ra, "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" korxonalari tomonidan elektr va gazdan foydalanganlik uchun qarzdorlar ro‘yxati tayyorlanadi.
Ushbu ro‘yxat har oyning 11-sanasidan boshlab har kuni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro buro (MIB)ga yagona idoralararo axborot tizimi orqali yuboriladi.
MIB ushbu ro‘yxatlar asosida qarzni 5 kun muddat ichida to‘lab qo‘yish haqida iste’molchilarni ogohlantiradi. Ogohlantirish xati yuborilgandan so‘ng 5 kun o‘tgan kunda MIB tomonidan qarzdorlikni majburiy undirish choralari, ya’ni iste’molchilar elektr va gaz tarmoqlaridan uzish choralari ko‘riladi.
Elektr energiya va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzgan yoki tarmoqqa noqonuniy ulangan iste’molchilarga nisbatan choralar zudlik bilan ko‘riladi.
Elektr va gaz tarmoqlaridan iste’molchilarni uzish nuqtalari MIB xodimlari tomonidan muhrlanishi orqali qat’iy nazoratga olinadi.
Tarmoqlardan uzishda davlat inspektori tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi va bir nusxasi iste’molchiga taqdim etiladi.
Iste’molchi dalolatnomani imzolashni istamasa, bu haqda tegishli yozuv qayd etiladi. Bu ikki guvoh tomonidan tasdiqlanishi zarur. Shu vaqtning o‘zida iste’molchi dalolatnomada o‘z tushuntirish va e’tirozlarini hamda qo‘l qo‘yishni rad etish vajlarini ko‘rsatish huquqiga ega.
Elektr va gaz tarmoqlardan uzilgan is’temolchilar to‘g‘risida ma’lumotlar davlat inspektori tomonidan yagona idoralararo elektron axborot tizimiga kiritiladi.
— elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarliklar bartaraf etilganda;
— elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun qarzdorlik to‘liq to‘langanda;
— elektr va gaz tarmoqlariga qayta ulash uchun to‘lov to‘langan hollarda. To‘lov miqdori jismoniy shaxs uchun eng kam ish haqining 2 baravari, yuridik shaxsi uchun eng kam ish haqining 10 baravarni tashkil qiladi.
Tarmoqqa qayta ulash MIB hududiy bo‘linmalariga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi. Internet orqali ham amalga oshirish mumkin. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, ertasi kun tarmoqqa qayta ulanish mumkin.
Bunda MIB inspektorlari qoidabuzarliklar holatlari to‘liq bartaraf etilganini aniqlash maqsadida uy joyni ko‘zdan kechiradilar.
Tarmoqqa qayta ulangach, ikki nusxada dalolatnoma tuziladi va bir nusxasi iste’molchiga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 1-iyul sanasidan O‘zbekistonda har oyning 10—sanasiga qadar o‘tgan oyda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari shartligi to‘g‘risida yangi tartib-qoidalari joriy etilgan edi.@