TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Toshkent shaharidagi ikkita tuman gaz ta’minoti korxonalari mas’ul xodimlari o‘z mansab vakolatlarini suiste’mol qilgan holda mavjud bo‘lmagan qarzdorliklarni aholiga taqsimlab berishgan, deb xabar qildi Podrobno.uz.
Toshkent shahar Yunusobod va Shayxontoxur tumani gaz ta’minoti korxonalarining qator mas’ul xodimlari o‘zlariga tegishli qarzlarni yopish maqsadida sun’iy ravishda qarzdorlikni keltirib chiqarishgan. Yetishmagan mablag‘larni esa o‘z vaqtida to‘lab kelgan fuqarolarga taqsimlab berishgan.
"Aslida mavjud bo‘lmangan qarzdorliklarni ular turli xiyla nayrangalar bilan bazaga kiritishgan. Masalan, beparvolik va yetarli darajada nazorat qilinmaganligi tufayli Yunusobod va Shayxontoxur tumani gaz ta’minoti korxonalari mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirgan hisob kitoblar natijasida qariyb 3,4 mlrd so‘m qarzdorlik hosil bo‘lgan. Ushbu qarzdorlikni qoplash maqsadida mablag‘lar mahaliy aholiga taqsimlangan" — deb ta’kidladi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi direktori Botir Qudratxo‘jayev.
Elektr tarmoq korxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy filiali mas’ul xodimlari esa jinoiy sxema tuzishgan. Buning oqibatida 1 mlrd so‘mlik qarzdorlik hosil bo‘lgan. Ushbu qarzdorlik 118 ta jismoniy shaxslar o‘rtasida taqsimlangan. Qarzdorliklarni undirish bo‘yicha tegishli qarorlar qo‘zg‘atilgan. Lekin ushbu qarorlar ijrosi ta’minlanmadi.
Oqoltin tumani elektr tarmoq korxonasi rahbari tomonidan oldindan 50 % to‘lov amalga oshirish shartiga rioya qilmagan holda qariyb 286,6 mln so‘mlik elektr energiyasini 186 ta yuridik shaxslarga yetkazib berilgan. Buning oqibatida 888 mln so‘mlik qarzdorlik hosil bo‘lgan. Ushbu qarzdorlikni undirish bo‘yicha o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilmagan.