TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida aytilgan.
"Davlat soliq xizmati organlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan cheklangan shtat soni 41 nafardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilsin", — deyilgan hujjat matnida.
Qayd etilishicha inspeksiya vazifalari:
soliq solish tizimi, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini tahlil qilish va baholash asosida budjet daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta’minlash;
soliqlar turlari va hududlar kesimida soliq va bojxona to‘lovlarining yig‘iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, uning tarmoq va hududlar kesimida pasayishiga ta’sir etuvchi omillar va ularning oqibatlarini aniqlash;
hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va soliq to‘lash salohiyatini hisobga olgan holda Davlat budjeti daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash;
soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, manzilli yo‘nalishlar va nazorat dasturlarini, shu jumladan soliq va boshqa moliya organlarining axborot tizimlari ma’lumotlarini tahlil va monitoring qilish asosida shakllantirish;
daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yig‘iluvchanligi va soliq to‘lovchilar hisobining to‘liqligini ta’minlashda moliya va soliq organlarining mas’uliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama ko‘maklashish choralarini ko‘rishdan iborat bo‘ladi