TOShKENT, 14-iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Cankt-Peterburgdagi yong‘inda halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot olmoqchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan jurnalist savoliga javoban Xorazm viloyati hokimligi vakili "Axborot xizmati tugab ketganidan xabaringiz bormi?", deb aytdi.
Xabarda, jumladan, "Halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumot ularning oila-a’zolarini xabardor qilish maqsadida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari va Xorazm viloyati hokimligiga yetkazildi", deb aytilgan edi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri yuqorida yozilgan xabar asosida bugun ertalab Xorazm viloyati hokimligi matbuot-xizmati bilan bog‘landi. Ulardan "bizning xabarimiz yo‘q bu hodisadan", degan javobni olgach Yangiariq tumani hokimligi vakillari bilan bog‘landi. (Halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining barchasi Yangiariqdan bo‘lgani uchun).
Yangiariq tumani hokimligi xodimlari Sputnik O‘zbekiston muxbiridan halok bo‘lganlar ro‘yxatini nomma-nom aytib berishni so‘rashdi.
Barcha ma’lumot yozib olingach, "Tagan" QFY xotin-qizlar qo‘mitasida ishlaydigan Zulfiya ismli ayolning telefon raqamini berishdi.
Jurnalistning kun davomida Zulfiya opa bilan bog‘lanishga bo‘lgan urinishi besamar kechdi.
Shundan so‘ng jurnalist Xorazm viloyati hokimligi axborot xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishga qaror qildi.
"Bizning bu hodisadan xabarimiz yo‘q. Men sizga bu masalada hech qanday yordam bera olmayman. O‘zimning ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi", — dedi jurnalistning iltimosiga binoan hokimlik xodimi.
Axborot xizmati o‘z xizmat vazifasini bajarishi kerak emasmi, degan savoldan keyin esa "Axborot xizmati tugab ketganidan xabaringiz bormi?", degan qo‘rs javob yangradi.
Unda nega saytda axborot xizmati bo‘limi tugatilmagan, degan savolga "Mana hozir tugatib qo‘yamiz", deya go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Tushunishimizcha, endi hokimlik faoliyatiga doir, yoxud Xorazm viloyatiga dahldor bo‘lgan xabar, hodisa, yangilik yuzasidan savollar tug‘iladigan bo‘lsa, to‘g‘ri hokimning o‘ziga murojaat qilamiz, shekilli.