TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida siyosiy partiyalar faoliyatidagi ayrim muammo va kamchiliklarni sanab o‘tdi.
Prezident o‘z nutqi davomida bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajarmayotganini, ular hanuzgacha mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmaganini ta’kidlagan.
"Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti", — degan o‘z nutqi davomida prezident.
"Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi. Biz nafaqat O‘zLiDeP, balki barcha partiyalar misolida ana shunday qudratli, safarbar etuvchi kuchni ko‘rishni istaymiz", — deb qo‘shimcha qilgan Mirziyoyev.
E’tibor bering, har bir partiyaning dasturida vazifalar va yo‘nalishlar aniq belgilangan. Ushbu sohalar bo‘yicha javob beradigan vazirlik va davlat qo‘mitalari ham aniq.
Ammo nima uchun partiyalar ana shu vazirlik va qo‘mitalar faoliyati ustidan o‘zlarining vakillik organlaridagi fraksiyasi va partiya guruhlari orqali parlament hamda deputatlik nazoratini samarali amalga oshirmayapti, degan savol tug‘iladi.
Shu munosabat bilan har bir siyosiy partiya o‘z dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, nazorat qiladigan vazirlik va qo‘mitalarni aniqlab olishi, ular bilan tizimli va doimiy ishlashi foydadan xoli bo‘lmas edi", — deb ta’kidlagan O‘zbekiston rahbari.