TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasida "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi "Peugeot Citroen Avtomotive" guruhi bilan o‘zaro hamkorlikda yo‘lovchi va yuk tashish avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zavod qurilishiga kirishildi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
Shu munosabat bilan tashkil qilingan tadbirda "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi, "Peugeot Citroen Avtomotive" guruhi xodimlari, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Jizzax viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
"Qo‘shma korxona barpo etilishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qo‘llab-quvvatlayotganidan cheksiz minnatdormiz, — deydi "Peugeot Citroen Automotive" guruhi vitse-prezidenti Kristof Berjeran. — Ushbu loyiha nafaqat hudud, balki O‘zbekiston iqtisodiyotining ham ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz".
Ikki tomonlama kelishuvga binoan, "Peugeot Citroen Automotive" guruhi yangi texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini joriy etadi hamda xodimlar malakasini oshiradi.
Korxonaning qurilish-montaj ishlarini 2018-yil 1-mayga qadar yakunlash rejalashtirilmoqda. 2019-yildan esa bu yerda yangi rusumdagi mashinalar ishlab chiqarishga kirishiladi. Zavod yiliga 16 ming dona zamonaviy avtomobil tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi. Mahsulot ichki bozordan tashqari, eksport ham qilinadi.
Shuningdek, zavodda ishlab chiqarishni boshqarish, mahsulot sifati, yetkazib berish va savdo masalalari zamonaviy tizim asosida olib boriladi. Eng muhimi, bu yerda dastlabki yildayoq avtomobil ehtiyot qismlari yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan,
Qo‘shma korxonaning ishga tushirilishi aholi bandligini ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shadi: bu yerda 600 dan ziyod ish o‘rinlari yaratiladi.
Ayni paytda zavod quriladigan maydonda ish boshlab yuborildi. An’anaga ko‘ra, tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijlik mehmonlar, quruvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida zavodning asosiy inshooti poydevoriga kelajakka bitilgan maktub solingan kapsula joylashtirildi.