TOSHKENT, 14 iyun — Sputnik. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi, deb xabar beriladi prezident rasmiy veb-saytida.
Ushbu hujjat orqali Oʻzbekiston Respublikasi hukumati, Peugeot Citroen Automotive S.A. va "Oʻzavtosanoat" AJ oʻrtasida tuzilgan, Oʻzbekiston hukumati tomonidan UzPCA MCHJga taqdim etiladigan xorijiy investorning muayyan majburiyatlarini va davlat koʻmagi boʻyicha chora-tadbirlarni aks ettiruvchi investitsiya bitimi tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 mayga qadar investitsiya loyihasi doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi va shu bilan bir vaqtda loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.
Loyiha ishtirokchilari uchun qator soliq va bojxona imtiyozlari va preferentsiyalari taqdim etildi.
UzPCA MCHJ qurilish davomida hamda ishga tushganidan boshlab 10 yil muddatga Oʻzbekiston hududidagi barcha soliqlardan hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl fondiga majburiy ajratmalardan ozod qilindi.
Shu yilning 16 may kuni "Oʻzavtosanoat" AK va Peugeot Citroen guruhi oʻrtasida Oʻzbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxona barpo etish boʻyicha kelishuv imzolangan edi. Loyiha Jizzax viloyatidagi "Jizzax" EIZ hududida amalga oshiriladi. "Jizzax" EIZ hududida zavod qurilishi uchun 45 gektar yer maydoni ajratiladi.
Qoʻshma korxonaning ustav kapitali 29,3 million yevroni tashkil etadi. Loyiha boʻyicha kiritiladigan umumiy investitsiyalar miqdori 133 million yevrodan ortiqroq.
Zavodda Peugeo va Citroën brendlari ostida yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 16 ming dona avomobil ishlab chiqaradi hamda avtomobillar Oʻzbekiston va xorij bozorlarida sotiladi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.