TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-iyunda qabul qilingan 449-son qaroriga muvofiq, "Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar berdi ayrim mahalliy OAV va internet nashrlar.
Lekin hozircha ushbu qaror hech qanday rasmiy narshda chop etilmagan. Shuningdek, Markaziy bank Axborot xizmati ushbu yangilik haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, shu paytga qadar Nizomning 43-bandida "Birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar so‘nggi banklararo savdo sessiyasida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllanadigan erkin kurs bo‘yicha amalga oshiriladi" deb belgilangan edi.
Ushbu masala bo‘yicha internetda quyida fikrlar bildirilmoqda:
"Qiziq, endi dollar kursi — 10 000 so‘m bo‘ladi shekilli?" — deb yozgan Sergey Bejensev.
"Bu qora bozor qonuniylashtirildi degani. Valyutafurushlar endi bankirlar" — deb izoh yozgan Sh.Kirazova.
"Qani mana shunday paytda ilmiy jihatdan tahlil qilib beradigan iqtisodchilarimiz bormi? Bu qarordan keyin yaqin yillarda qanday iqtisodiy holat kuzatiladi. Qanday ta’sir ko‘rsatadi. Nimalarning narxi oshadi, nimalarni narxi kamayadi?", — deb qo‘shimcha qildi Axmadjon Kamolov.
Internet foydalanuvchilari orasida ushbu xabarga erinmay "fotojabalar" chiqarganlari ham juda ko‘p bo‘ldi.
Jumladan, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida bu xabar chapak chalishlar bilan qarshi olindi.