TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqot qilish uchun Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Namangan har tomonlama rivojlangan, eng go‘zal viloyatlaridan biri. Keyingi yillarda uning iqtisodiy salohiyati yanada oshib, shahar va qishloqlar obod bo‘lib bormoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot 8,7 foiz o‘sgan. Bu ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 24-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2016-2019 yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga muvofiq yuzlab investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ularning orasida umumiy qiymati 2 milliard 1 million dollarga teng bo‘lgan, 1800 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu elektr stansiyasi nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Pop tumanida 100 megavatt quvvatga ega bo‘lgan, umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadigan quyosh elektr stansiyasini qurish, Mingbuloq tumanida 211 million dollarlik "Mingbuloq neft-gaz" konini o‘zlashtirish va boshqa investitsiya loyihalari viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘taradi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mamlakatning barcha hududlari qatori Namangan viloyatini ham izchil rivojlantirish bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi.
Mirziyoyev Namanganga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumat portali.