TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Surxondaryo viloyatida "Amudaryo" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi barpo etilib, foydalanishga topshirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot-xizmati.
"Jahon andozalari talablariga mos ravishda barpo etilgan "Amudaryo" bolalar sog‘lomlashtirish majmui tom ma’noda o‘g‘il-qizlarni nafaqat maroqli dam oldirish va jismonan chiniqtirish, balki ularning intellektual salohiyatlarini rivojlantirish, o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi markaz sifatida ish boshladi", — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan mazkur "Amudaryo" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan viloyat mehnatkashlari farzandlarini o‘z quchog‘iga olgan.
6 gektardan ziyod maydonda qurilib, foydalanishga topshirilgan ushbu maskanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari uchun qariyb 34 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu esa O‘zbekistonda yosh avlod vakillarini har tomonlama barkamol etib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarilganligining yorqin dalilidir.
Shuningdek, oromgohga olib boruvchi yo‘llar va hudud asfaltlanib, ota-onalar uchun shinam suhbat ayvonchalari barpo etilgan.
Oromgoh tibbiyot majmuida o‘g‘il-qizlarning salomatligi doimiy nazorat qilib borilmoqda. Bolajonlar salomatligini mustahkamlash maqsadida jannatmakon diyorimiz bag‘rida yetishtirilgan tabiiy ne’matlar va giyohlardan tayyorlangan damlamalar tayyorlanib, ovqatlanish ratsioni boyitilmoqda.
Joriy yilda 5 navbatda faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan yangi oromgohda 1000 nafardan ziyod surxondaryolik o‘g‘il-qizlar maroqli dam olib, salomatligini mustahkamlashi rejalashtirilgan. Kelgusida yil davomida faoliyat yuritishi rejalashtirilayotgan ushbu dam olish maskani butun respublikadagi bolajonlarni o‘z quchog‘iga chorlashi kutilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.