TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida so‘zlagan nutqi davomida yoshlarga harbiy ta’lim-tarbiya beradigan kursantlar maktablariga "Temurbeklar maktabi" deb nom berishni taklif qildi.
"Ma’lumki, tarixda xalqimiz orasidan ko‘plab buyuk sarkardalar yetishib chiqqan. Ana shunday mard va fidoiy ajdodlarimizning harbiy sohadagi boy merosi, mardlik va jasurlik fazilatlari yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Bu masala bo‘yicha Bosh vazir Abdulla Aripov Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov, mudofaa vaziri Q.Berdiyevga bir oy muddatda taklif kiritish vazifasi topshirildi.
O‘zbekiston rahbari shuningdek, iqtidorli va faol qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan ekan, endi turli soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishib kelayotgan yigitlar uchun "Mard o‘g‘lonlar" degan nom bilan Davlat mukofotini ta’sis etishni taklif qildi.
Shu bilan birga, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda, o‘qishda, mehnatda, jamoat ishlarida har tomonlama faol bo‘lgan yigit-qizlarimizni taqdirlash maqsadida "Kelajak bunyodkori" medalini ham ta’sis etilishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston rahbari O‘zbekistonda bayramlar ko‘pligini, lekin yoshlarga bag‘ishlangan bayram yo‘qligini ta’kidlagan holda, bu masalani ham hal etadigan vaqt kelganini ma’lum qildi va "O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun — 30-iyun sanasini mamlakatimizda Yoshlar kuni deb e’lon qilsak, qanday bo‘ladi?", — degan savol bilan yoshlarga murojaat qildi.