TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan "Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari" yangi tahrirdagi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarni muhokamasi portalida umumiy muhokamaga qo‘yilgan.
Shuningdek, loyihaga asosan mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish operator bilan birga, yangi ishtirokchi — diler tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.
Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasini tuzishdan oldin operator (yoki diler) ushbu abonent bilan ilgari tuzilgan amaldagi shartnomalarning mavjudligini ma’lumotlar bazasi bilan solishtiradi.
Yangi qoidalarning yana bir muhim jihati shundaki, operatorning beshta va undan ortiq raqamlariga ega bo‘lgan abonent – jismoniy shaxs bilan mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasini tuzish faqat operatorning xizmat ko‘rsatish punktlarida amalga oshiriladi. Yuridik shaxs bilan esa shartnomani tuzish uchun ushbu miqdordagi raqamlarga ehtiyojni yozma ravishda asoslab berilganda va operatorning xizmat ko‘rsatish punktlarida amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Loyihada quyidagi yangi tushunchalar kiritish taklif qilingan: mobil aloqa tarmog‘i operatorining dileri, o‘zini-o‘zi obro‘sizlantirgan diler, litsenziyaning amal qilish zonasi, passiv abonent, xizmat ko‘rsatish punkti, dilerning xizmat ko‘rsatish punkti, shlyuz (tarmoqlararo interfeys), GSM shlyuz, IP shlyuz.
Barcha fuqarolar ushbu qoidalar loyihasi bo‘yicha o‘z takliflarini O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarni muhokamasi portalida taqdim etishi mumkin.
2017 yil 1-iyul kuni ushbu normativ-hujjat loyihasi muhokama qilish jarayoni yakunlanadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.