TOShKENT, 30-may — Sputnik. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga viloyat va tumanlardagi avtomobil yo‘llarida mobil aloqa sifatining yomonlashuviga doir shikoyatlarning kelib tushmoqda. Bu haqda vazirlikning navbatdagi Hay’at majlisida so‘z bordi.
Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha, mobil aloqa operatorlariga 2017-yilning 2-yarim yilligi va 2018-yilga mo‘ljallangan reja asosida, eng qisqa muhlat ichida aloqa tarmoqlarini kengaytirish, viloyat va tumanlarda qo‘shimcha mobil aloqa stansiyalarini o‘rnatish orqali aholi punktlari hamda avtomobil yo‘llarida mobil aloqa sifatini yaxshilash vazifasi yuklatildi.
Hay’atda Internet tarmog‘idagi Milliy segment rivojlanishi, jumladan, UZ domenidagi saytlarning o‘sishi, ZiyoNET ta’lim tarmog‘i doirasida yaratilayotgan resurslarning rivojlanishi bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Milliy segmentning rivojlanishi bilan bog‘liq muammolar, xususan xosting xizmatlarining qimmatligi, milliy veb-resurslarning sekin ommalashayotgani va boshqa omillar qayd etildi. Ushbu muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish takliflari muhokama qilindi.
Hay’at yig‘ilishida raqamli televideniyening joriy etilish holati ham muhokama qilindi. Ayni kunda aholining raqamli televidenie signallari bilan qamrab olinishi 95 foizga yetgan. Analog televideniyeni 2018-yildan boshlab bosqichma-bosqich o‘chirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini manfaatdor tashkilotlar bilan kelishishni jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar berildi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.