Eksportga yo‘l ochilishi narx-navoga ta’sir ko‘rsatadimi? - ekspert fikri

© PixabayBozordagi rastalar
Bozordagi rastalar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti yaqinda fermerlarga jahon bozorlariga yo‘l ochdi. Bu xabarni kimdir xursandchilik bilan qarshi olgan bo‘lsa, "narx-navo yana osharkan-da", deb fikr bildirganlar ham topildi

TOShKENT, 23-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Bozorda meva-sabzavot qimmatlashishi mumkinmi?", degan savol bugun barchani o‘ylantirmoqda.

Buxorolik fermerlar mahsulotlari - Sputnik O‘zbekiston
1 iyuldan dehqon va fermerlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilish huquqi berildi
Mahalliy iqtisodchilardan biri Mirzo Subxanov yangi qaror mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

"Bu qaror birinchi navbatda monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirishga qaratilganligini alohida aytib o‘tish kerak", — deb ta’kidladi u. Mutaxassis har qanday iktisodiy tizimda bozordagi raqobat — mahsulotlar xilma-xilligi, ular sifatining oshishi hamda umumiy narxlarning pasayishiga olib kelishini qo‘shimcha qildi.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ishga layoqatli aholining 60 %i qishloq xo‘jaligida faoliyat olib boradi. Shu bois, bu qaror, birinchi navbatda qishlok xo‘jaligida band aholi daromadlarini oshishini nazarda tutadi.

Bundan tashqari bundan buyog‘iga yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasining yanada rivojlanishini kutish mumkin.

"O‘tgan yillarda qishlok xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishga mavjud bo‘lgan ta’qiq va fermer xo‘jaliklarning bir turdagi mahsulotni ko‘p miqdorda yetishtirishlari tufayli ba’zi qishlok xo‘jalik maxsulotlarining narxi keskin pasayganligi hamda ularning sotilmasdan tashlab yuborilganiga ham guvoh bo‘ldik. Albatta, narxlarning keskin past darajada bo‘lishining salbiy tomonlari juda ko‘p. Past narxlar evaziga mahsulot yetishtiruvchilar katta miqdorda zarar bilan chiqadilar. Bu esa mahsulot kelajakda bozordan yo‘q bo‘lishiga va narxning aksincha keskin o‘sib ketishiga olib keladi", — dedi Subxanov.

Ekspert, bunga shu kechayu-kunduzdagi ahvolni misol keltirdi. "Bugungi kunda ichki bozordagi kartoshka narxining keskin oshib ketishiga sabab ham ikki-uch yil oldin kartoshka narxining 250 so‘mgacha (hozirgi bozor narxidan 10 baravar past) keskin tushib ketgani sabab bo‘lgan. Narxlarning pasayib ketishi tufayli ko‘pgina fermerlar kartoshka yetishtirishdan voz kechdi va bu mahsulotning keskin kamayishi va qimmatlashishiga olib keldi", — dedi u.

Torgovlya na optovo-roznichnom rinke - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev kartoshka taqchilligini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi
Iqtisodchi shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan boshqa Davlat qaror va farmonlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. U o‘tgan yili katta fermerlarning suvli yerlari, 5-10 gektarlik, nisbatan kichik fermer xo‘jaliklarga bo‘linganligi, yerlardan yanada unumli foydalanilishiga olib kelganini ta’kidladi.

"Qishloq xo‘jalik maxsulotlari eksportining kengaytirilishi qishloq xo‘jaligi yanada rivojlanishida, yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishida va ichki bozordagi narxlarning meyoriy darajada turishida juda katta axamiyatga ega", — deb o‘z fikriga yakun yasadi Subxanov.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0