1 iyuldan dehqon va fermerlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilish huquqi berildi

© Novosti UzbekistanaBuxorolik fermerlar mahsulotlari
Buxorolik fermerlar mahsulotlari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyevning "Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi

TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab barcha tadbirkorlik subyektlariga yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum va poliz mahsulotlarini to‘lovni oldindan 100 foiz amalga oshirish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilish huquqi berildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot-xizmati.

Reyting stran - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston - iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan davlatlar reytingida 2-o‘rinda
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida qayd etilgan.

Ta’kidlash joizki, ushbu choralar meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish bilan birgalikda dehqon va fermer xo‘jaliklarini tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yer resurslaridan samarali foydalanish, shu jumladan, takroriy ekinlar ekish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga rag‘batlantiradi. Bu esa o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining narxi va sifati bo‘yicha tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish imkonini beradi.

Eng muhimi, dehqon va fermer xo‘jaliklari yetishtirgan mahsulotlarining haqiqiy egasi sifatida ulardan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanish, mustaqil eksport qilish, daromadlarini oshirish, oilasining moddiy farovonligini ko‘tarishlari mumkin bo‘ladi, qo‘shimcha valyuta tushumlari esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va ularni chuqur qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalarni investitsiyalash uchun imkoniyat yaratadi.

Shu bilan birga, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish uchun chet elda qabul qilingan meyor va standartlarga mahsulotlarning muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Shu maqsadda Prezident qarori bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga bir oy muddatda milliy qonunchilik hujjatlariga xalqaro karantin qoidalarini tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Qabul qilingan qarorning muhim jihatlaridan biri, nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchilarga, balki mahsulotlarni chet elga eksport qilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashadigan tashqi savdo tashkilotlariga ham eksport faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi-eksport qiluvchilar uchun qo‘llaniladigan amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyoz va qulayliklar endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi.

Bu eksport bilan tegishli tajriba va zarur mablag‘larga ega, doimiy ravishda jahon bozori konyunkturasini kuzatib boradigan hamda tashqi bozorlarda ishonchli hamkorlari bor ixtisoslashgan kompaniyalarning mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanishi xalqaro amaliyotga to‘liq mos keladi.

"O‘zbekiston qahramoni" unvoni shifokor, muallim, quruvchi va fermerga topshirildi
Shuningdek, hujjatda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlarining ruxsat olish tartibidan o‘tishdagi, shu jumladan, mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish muddatlarining cho‘zilib ketishi kabi ayrim qiyinchiliklar yuzasidan ko‘plab davlat organlariga murojaatlarning yechimi o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan bundan buyon sertifikatlash idoralari tomonidan ishlab chiqariladigan va chetdan olib kiriladigan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlari 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda rasmiylashtirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, qarorda tashqi bozorlardagi noqulay konyunktura sharoitida o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni tannarxidan past narxda eksport qilishga majbur bo‘lgan korxonalar uchun soliq yukini kamaytirish chorasi nazarda tutilgan.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing. 

Yangiliklar lentasi
0