TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. Farg‘ona politexnika instituti viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda MikroGES ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi loyihasini taklif etmoqda, deb xabar qilindi O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida.
Loyihada mikroGESlar ishlab chiqarishni tashkil qilish va hayotga tatbiq etish, Farg‘ona politexnika institutida gidroenergetika sohasi mutaxassislarini tayyorlash ko‘zda tutilgan.
MikroGESning quvvati 50 kVt bo‘lgan 2 tajriba nusxasi institut olimlari tomonidan "Farg‘onaazot" OAJ va Marg‘ilon traktor ta’mirlash korxonasi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahridan o‘tuvchi Marg‘ilonsoyga qo‘yilib, tajriba-sinovdan o‘tmoqda. MikroGESlardan olinayotgan elektr energiya shaharning Kashtanzor ko‘chasi, "Marg‘ilonsoy" to‘yxonasi va "Hamkorbank" hududlarini yoritishda ishlatilmoqda.
Mirziyoyev ushbu loyiha ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish borasida olib borilayotgan izlanishlarning yaqqol namunasi ekanini ta’kidlab, mikroGESlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish va boshqa hududlarga ham izchil joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.