TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Farg‘ona shahri hududidan oqib o‘tuvchi Marg‘ilonsoyda kichik GES qurilib, ishga tushirildi, deb xabar qildi Xalq so‘zi nashri.
Ta’kidlanishicha, mazkur innovatsion loyiha Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan ro‘yobga chiqarildi.
Sinov jarayonida 6 ta ko‘cha yoritish chirog‘i shahar elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilib, qurilma yordamida yoritildi. Soatiga 3 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradigan mazkur generator quvvat uzluksizligini ta’minlashi amalda tasdiqlandi.
"Uning yordamida 50 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Uskunaning gidroturbinalari metalldan yasalgan. Uning maxsus cho‘michlari kinetik energiyani — mexanik energiyaga aylantirib beradi. Sodda ishlangan va tannarxi arzon charxpalak energiyani tejashda hamda barqaror ta’minotda juda qo‘l keladi", — deyiladi xabarda.