O‘ylagan edimki, o‘z madaniyatini o‘zgalarga tiqishtirish va uni bilmaganlarni madaniyatsizlikda ayblash, o‘zi kabi o‘ylamagan, fikrlamagan, yashamaganlarni raqibga chiqarish, tan olmaslik, past nazar bilan qarash, xalqlarni o‘zi va begonalarga, madaniyatli va varvarlarga ajratish ortda, jaholat davrlarida qolib ketgan.
O‘zga xalqlarga Pushkinni bilmaslik bilan malomat qilish aynan shu jaholatning bir ko‘rinishi (bu malomat tuhmat bo‘lsa, ayniqsa).
Adabiyot ko‘ngil ishi, hatto Pushkindayin, maktablarda o‘qish dasturiga kiritilgan shoirni o‘qish ham ko‘ngil ishi va uni bilmaslik rus bo‘lmagan millatlar uchun madaniyatsizlik hisoblanmaydi.
Kelib-kelib endi Pushkin xalqlar o‘rtasidagi tushunmovchilikka sabab bo‘lmasaydi.
Navalniyning gapi esa birovning ibodatxonasiga o‘z nizomi bilan kirishga urinish, xolos.
Har bir millatlarning o‘z daholari, adiblari, shoirlari bo‘ladi. Albatta, imkon qadar umumbashariy klassiklarni, o‘zga xalqlar adabiyotini o‘qish va o‘rganish lozim, bundan hech kim hech qachon yutqazmaydi.
Adabiyot majburlab tiqishtiriladigan unsur emas. Albatta, jahon tan olgan har qanday shoir va adibni o‘qish va o‘rganish kerak. Bu o‘zini madaniyatli hisoblagan har bir insonning burchi va ularni bilmaslik bilan maqtanish jaholat. Lekin kimdir, masala mohiyatidan bexabar inson, sizga tuhmat qilsa, o‘zingizni zo‘r berib oqlashga urinishingiz shart ham emas. Bu aybdorlik hissidan kelib chiqadi. Bizning esa hech kimning oldida aybimiz yo‘q. Ayniqsa Navalniy va Sobchak oldida. Ularga hisob berishniyam istamaymiz.
Bizda "it huradi, karvon o‘tadi", degan maqol bor (yo‘q, bu kimnidir yerga urish uchun aytilgan gap emas, xalq maqoli shunaqa). Shunga qaramay, o‘zbek xalqi Pushkinni mutolaa qilishni davom etaveradi. Aslo, kimgadir yoqish yoki xushomad uchun emas. Betakror iqtidor egasi bo‘lgani sababli. Chunki iqtidorli kishilar faqat bir millatgagina tegishli emas. Buyuklar yaxlit insoniyatga tegishli.
O‘zbek xalqining ham o‘z buyuk insonlari, farzandlari bor. Minglab yillik madaniy tarixiga ega. Biz ularni bilmaslikda hech kimni ayblayotganimiz yo‘q.
Bunaqa noto‘g‘ri qarashlarda Pushkinning aybi yo‘q. U har qanday holatda ham buyukligicha qolaveradi. Biroq, uning nomidan xalqlar orasiga sovuqchilik solishda foydalanishga urinishi ajablantiradi, xolos.
Navalniyning o‘sha gapi va u atrofidagi bahs-munozaralar ham shu haqiqatni ifodalaydi.
Internet baribir internet-da. Unda ehtiros va yuzakilik ko‘proq. Ushbu masala yuzasidan bahs-munozaraga kirishgan birov Soljenisinning familiyasini noto‘g‘ri yozibdi. Unga bu haqda dakki bergan boshqasi esa maqtanib, "men esa hammasini bilaman", deb Shayboniyxonni shoirga chiqarib qo‘yibdi. Yana, "Soljenisinni o‘zbek tilida o‘qibdimi?" deganga o‘xshash malomat ham bor. O‘qigan bo‘lsa bordir… Bir paytlar bu adibning asarlari o‘zbek tilida chop etilgan.
Xullas, hammamiz ham yaxshimiz. Yuzakilikka berilganmiz, mohiyat va haqiqat unchalar ham qiziqtiravermaydi. Bilib olgan to‘rt-besh ma’lumotimizni pesh qilib, butun olamdan, dunyoning bor ilmidan xabarim bor, deb jar solishni xush ko‘ramiz.
Deylik, "Pushkinni bilmaysan", deb malomat qilayotganning o‘zi shoirni yaxshi bilmaydi (bilganda, shoir bilan qiziqqanda, uning asarlari O‘zbekistonda maktabning dasturiga kiritilganini, uning asarlari qariyb yuz yildan buyon o‘zbek tiliga tarjima qilib kelinayotganiga, chop etilayotganiga qaydadir ko‘zi tushgan bo‘lardi).
Adashmasam, 1937-yilda o‘zbekning buyuk shoiri, Pushkinning ajoyib va betakror tarjimoni Usmon Nosir ushbu shoirga bag‘ishlangan qandaydir tadbirda ishtirok etib, Moskvadan qaytayotib, poyezdda aytgan gaplari uchun qamoqqa olingan va repressiya qilingan edi. Aytmoqchimanki, bizning buyuk shoirlarimiz taqdirida ham Pushkinning izi bor.
Ushu kichik holat, Aleksey Navalniyning qanchalar kalta o‘ylashini ko‘rsatdi, xolos. Boshqa hech nimani emas. Siyosatchi uchun o‘zining devoridan uzoqni ko‘ra bilmaslik anchayin uyatli holat.