TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Sputnik Moldova muxbiri Yanina Kozar Aleksandr Aleksandrovich hamda Mariya Aleksandrova bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Suhbat chog‘ida juftlik ularning oilasi qanday qilib Yevropaga borib qolgani, shuningdek, xayriya ishlari haqida so‘zlab berishdi.
- Aytingchi, siz buyuk shoir Aleksandr Sergeyevich Pushkinga kim bo‘lasiz?
Aleksandr Aleksandrovich: Men Pushkinning to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodi vakiliman, ya’ni Aleksandr Sergeyevichning o‘g‘li — Aleksandr Aleksandrovichning evarasiman.
- Qaysi tilni ona tilim deb bilasiz — rus tilinimi yoki fransuz?
A.A.: — Yoshligimizda ikkimiz ham o‘z oilalarimiz davrasida rus tilida gaplashganmiz. Ammo ikkimiz ham fransuz tilidagi maktabga borganmiz. Keyinchalik kundalik hayotimizda fransuz tili keng o‘rin egallagani uchun, bugungi kunda rus tilida sal qiynalibroq gapiradigan bo‘lib qoldik. Ammo rus tilini chindan ham ona tilimiz deb bilamiz, va imkoniyat tug‘ilishi bilan unda so‘zlashishga harakat qilamiz.
Mariya Aleksandrova: — Bolaligimizda bizga Pushkinning ertaklari, uning "Ruslan va Lyudmila" poemasini o‘qib berishar edi. Albatta, ota-onalarimiz bizga buyuk bobokalonimiz haqida ko‘p gapirishgan, shu bois yoshligimizdan Aleksandr Sergeyevichni ko‘rinmas, ammo ibratga sazovor bir siymo tariqasida hamisha yonimizda his qilganmiz.
To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, ota-onamiz bizga yorqin kitoblardagi Pushkin haqida emas, balki bolaligida o‘ta sho‘x-shodon bo‘lgan, ulg‘aygach — xonimlarga mulozamat ko‘rsatadigan — bir so‘z bilan aytganda, o‘ta hissiyotli va tez sevib qoluvchi bir inson haqida hikoya qilardilar. Ammo bobomiz biz uchun hamisha oriyat va g‘urur ramzi bo‘lib qoladi. U aynan shunday yashagan va har bir biograf buni tasdiqlashi mumkin.
- Yevropaga qanday qilib kelib qoldilaringiz?
A.A.: — Bu 1917-yilda bo‘lgan. Buva-buvim inqilob tugashini kutish uchun Qrimga yo‘l olganlar. Ammo mamlakatimiz tarixida o‘ta keskin va tub burilishlar ro‘y berganini anglagach, Turkiyaga immigratsiya qilishni afzal bilganlar. O‘sha yerda ikki yil yashab Mariya Aleksandrovnaning buva-buvisi bilan tanishganlar va Turkiyaga qarab ketganlar.
- Ikkalangizning tanishuvingiz qay tariqa kechgan?
- A.A: - 1949-yil Pushkinning aksariyat avlodlari Fransiya janubidagi katta koshonada to‘planishgan. U yerda avlodimiz vakillari istiqomat qilishardi. Ammo bola bo‘lganimiz uchun bir-birimizga unchalik e’tibor qilmaganmiz.
Mari bilan ikkinchi uchrashuvimiz 1960-yilda ro‘y bergan. Ikkimiz ham 18 yosh bo‘lganimiz uchun bir-birimizga juda yoqqanmiz. Ammo to‘yimiz bo‘lishini 9-yil kutishimizga to‘g‘ri kelgan. Mariya Parijda, men esa Belgiyada tahsil olardik, o‘qishni tamomlashimiz kerak edi. Keyin esa otam toki armiyada xizmat qilmas ekanman, uylanishni xayolimga ham keltirmasligim lozimligini aytganlar. O‘sha vaqtlarda ota-ona gapini ikki qilish katta axloqsizlik hisoblanardi…
Ammo armiyadan qaytganimda otamlar vafot etib qoldilar, shu bois Mariya bilan bir yildan so‘ng turmush qurganmiz.
- 1999-yilda sizlar Pushkin nomidagi xalqaro jamg‘armaga asos solgansizlar. U ikki yo‘anilshda faoliyat olib boradi: Yevropa va Belgiyada Pushkin ijodini targ‘ib qilish hamda Rossiyada saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish. Jamg‘armaga qay tariqa asos solgansizlar va bugungi kunda u qay tarzda faoliyat yuritmoqda?
A.A.: Biz Pushkin haqida Yevropaliklar unchalik ko‘p ma’lumotga ega emasligini anglab yetdik. Misol uchun, bu yerda "Boris Godunov" yoki "Yevgeniy Onegin" operalari namoyish etilganda, afisharlarda hech qachon ular Pushkin asarlari asosida yaratilgani yozilmaydi. Biz hatto, teatrlarga qo‘ng‘iroq qilib bu faktni ko‘rsatib o‘tishni va kelgusida bunday xatolarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘raganmiz.
M.A.: Biz farzand ko‘ra olmadik, shu bois, eng asosiy maqsadimiz rossiyalik bolalarga yordam berish bo‘lishi kerak, degan fikrga keldik. Biz mablag‘ to‘plab, pullarni Sankt-Peterburgdagi Nikolay Petrov nomidagi saraton kasalligi kasalxonasiga yuboramiz. Pullarni har yili o‘tkaziladigan xayriya-tadbirlari orqali yig‘amiz.
- Aytingchi necha yildan beri birgasizlar?
A.A.: 47-yil bo‘ldi birgamiz.
- Sizlarga uzoq umr tilaymiz, amalga oshirayotgan ezgu ishlaringiz davom etishini va bu yo‘lda kuch-quvvat sizni hech qachon tark etmasligini tilaymiz!