TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro burosining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi tashkil etiladi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Markazning vazifalari etib, Buroning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va yuritish bo‘yicha yagona siyosatni, jumladan elektr energiyasi va tabiiy gazni avtomatlashtirilgan elektron hisobga olish va nazorat qilish tizimini ishlab chiqish hamda yuritish belgilangan.
Markaz Buroning yuridik shaxs maqomisiz mustaqil boshqarmasi hisoblanadi. Markaz direktori Buro direktorining takdimnomasi bo‘yicha Bosh prokuror tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Markazga boshqa mutaxassislarni —dasturchilar, kompyuter tizimlari va tarmoqlari xavfsizligi, avtomatlashtirilgan tizimlarda ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassislar, kompyuter muhandislari, veb-dizaynerlar va boshqalarni shartnomaviy-huquqiy asosda jalb etishga ruxsat berildi. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Bosh prokurori I. Abdullayev zimmasiga yuklatildi.