TOShKENT, 24 avg — Sputnik. 23-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston qahramoni" unvonini berish to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi. Hujjat matni O‘zbekiston TIV rasmiy saytida keltirilgan.
"Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari, ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalardagi ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi uchun quyidagilarga "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni berilib, oliy nishon — "Oltin yulduz" medali topshirilsin", — deyiladi farmonda.
Hujjatga muvofiq, quyidagilar "O‘zbekiston Qahramoni" unvoniga ega bo‘ldi:
Kurbanov Ravshanbek Davletovich — "Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi" aksiyadorlik jamiyati direktori;
Rajabov Sharipboy — Bog‘ot tumanidagi "Bog‘ot" fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Xorazm viloyati;
Ummatov Erkin Raxmanovich — "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining kapital qurilish direksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari — "Angren – Pop" elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlig‘i;
Sharapova Muhabbat Arapovna — Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi.