Sog‘liqni saqlash vazirligi Borovskiy kollejiga qabul to‘xtatilganligini rasman tasdiqladi

© Sputnik / Aleksandr KondratukStudenti v meditsinskom vuze
Studenti v meditsinskom vuze - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Sog‘liqni saqlash vazirligi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kolleji faoliyatini tahlil qilib chiqdi. Tahlil ushbu kollej faoliyatida jiddiy kamchiliklar va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi

TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Toshkent shahridagi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017-2018 o‘quv yili uchun qabul to‘xtatilishi yuzasidan takliflar tayyorlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tibbiyot talabalari - Sputnik O‘zbekiston
Borovskiy kolleji yopilishiga o‘zbekistonliklarning munosabati

Sog‘liqni saqlash vazirligi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kolleji faoliyatini tahlil qilib chiqdi. Tahlil ushbu kollej faoliyatida jiddiy kamchiliklar va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

Jumladan, kollejda 2 ming real o‘quvchi o‘rni mavjud bo‘lsa-da, bugungi kunda 3 ming 94 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Kollejda o‘quvchilar soni uning quvvatiga nisbatan 1,5 barobar ko‘pligi, guruhlarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 36-38 nafarni tashkil etishi, o‘quv xonalari yetishmasligi darslar 2 smenada tashkil etilishiga sabab bo‘lgan. Bu esa o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida to‘garak mashg‘ulotlariga jalb etilishini cheklab qo‘ygan, ya’ni qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun bo‘sh auditoriyalarga juda katta ehtiyoj sezilgan.

Qolaversa, o‘quvchilar sonining ko‘pligi jismoniy tarbiya darslarini sport zallarida tashkil etishda o‘quvchilarni to‘liq qamrab olish imkonini bermaydi. Ya’ni, ayrim guruhlarga jismoniy tarbiya darslarini o‘tish imkoni bo‘lmagan.

Bundan tashqari, kollejning faollar zali ham yo‘q. Bu holat o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ota-onalar yig‘ilishlarini o‘tkazish imkonini bermaydi. Ustiga-ustak, uch ming nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladigan ushbu kollejning Axborot resurs markazi o‘quv zali bor yo‘g‘i 34 o‘quvchiga mo‘ljallangan, xolos.

Pustoe kreslo - Sputnik O‘zbekiston
Borovskiy kolleji rahbarlari ishdan bo‘shatildi

Umuman, darslarning 2 smenada tashkil etilganligi, o‘quv xonalarining barchasi bandligi, ta’lim muassasasida o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi, ota-onalar bilan ishlash, darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahridagi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017-2018 o‘quv yili uchun qabul to‘xtatilishi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etildi.

Mazkur vakolatli organlar tomonidan ta’lim muassasasining kelgusi faoliyati bilan bog‘liq tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

 

Yangiliklar lentasi
0