Qo‘shxotinlik haqida o‘zbekistonliklar fikri va noma’lum ayolning Mirziyoyevga murojaati

© Foto : Wallpapers SraftGul tutayotgan erkak
Gul tutayotgan erkak - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev diniy ulamolar bilan uchrashuvda o‘zbekistonliklar orasida qonuniy nikohdan o‘tmay turib, yashirincha, shar’iy nikoh o‘qitish holatlari keyingi vaqtlarda juda avjiga chiqayotganini ta’kidladi

TOShKENT, 18-iyun — Sutnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev diniy ulamolar bilan uchrashuvda  ko‘plab dolzarb muammolar qatorida, oilalardagi nosog‘lom muhit haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston rahbari ayollar orasida o‘z joniga qasd qilishdek bir ayanchli holat barham topmayotganini alohida ta’kidladi.

Internetda ko‘p xotinli "boylar" mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda
"Afsus bilan aytmoqchiman, oilalarda nosog‘lom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin o‘rtasida janjallar, xotin-qizlarimiz orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga qo‘yadi. Sizlar yaxshi bilasizlar, Qur’oni Karimda "o‘zingizni nohaq o‘ldirmangiz" deb buyurilgan. Muborak Hadisda o‘z joniga qasd qilganlar hech qachon Jannatga tushmaganligi ham bayon qilinadi. Bunga qaramasdan ayollarimiz orasida o‘z joniga qasd qilishdek holat barham topmayapti", dedi Mirziyoyev.

"Biz avvalo buning sabablarini bartaraf etish haqida har tomonlama o‘ylashimiz, jumladan, aholimiz, ayollarimiz o‘rtasida dinimizning bu ko‘rsatmalarini tushuntirishimiz lozim", deb uqtirdi davlat rahbari.

"Shu bilan yana bir nozik masalalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman", davom etdi prezident.

"Ba’zan, hayotda ZAGSdan o‘tmasdan turib, pul evaziga, yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsus ko‘p uchrab turibdi. Oxirgi vaqtlarda bu illat juda avjiga olyapti. Bilmayman, qayerdan paydo bo‘ldi, Toshkent shahri birinchi o‘rinda… (…) Bir paytlar hayotning o‘zi rad etgan kundoshlik, qo‘shxotinlik — qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy "O‘tkan kunlar" romanida kundoshlik tufayli butun bir boshli oila boshiga tushgan fojialarni juda ta’sirchan tasvirlab bergani, nahot-ki saboq bo‘lmagan bo‘lsa?!", savol berdi prezident.

Axir tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘ladi, xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish, meros huquqi, o‘sib ulg‘aygandan keyin, bog‘chaga, ta’lim muassasasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosiman, deb his etolmaydi", — kuyinib gapirdi minbardan prezident va imom xatiblarga yuzlandi.

Vo vremya slujbi v mecheti. Arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston
Prezident: yashirincha nikoh o‘qigan har qanday mullaga jinoiy jazo beriladi

"Hurmatli imom-xatiblar, sizlar ZAGS hujjatini ko‘rmasdan turib, turli boyvachchalarga shar’iy nikoh o‘qib berayotganingizda, mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo (keltirishini) loaqal tasavvur qilasizlarmi o‘zi?

Va mana shu gapdan so‘ng Mirziyoyev hozirgi kunda jamiyatda ana shunday yaramas, xunuk holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

"Har kun janjal qiguncha, har kun qaymoq yesangchi"

"Qo‘shxotinlik" masalasi… Bu — prezident yuqorida ta’kidlaganidek, o‘ta nozik masala.

"Ikki xotin olguncha, Ekta sigir olsangchi. Har kun janjal qiguncha, har kun qaymoq yesangchi", deb kuylagan Zokir Ochildiyevning gapida ham qanchalar jon borligini inkor eta olmaymiz.

Qo‘shxotinlik singari illatni yo‘qotish uchun qonun qabul qilinayotgan bir paytda, o‘zbekistonliklar bu borada qanday fikrda?

Erkaklar fikrini bilish uchun yuqoridagi savolni ijtimoiy tarmoqda e’lon qildik.

"Qo‘shxotinlik" uchun ovoz berganlar fikri

"Ilohiy qoidami, demak insoniyat uchun foydali. Agar zarar bo‘lganida, Yaratgan egamiz izn bermagan bo‘lardi", deb fikr bildirgan Muzaffar Han.

"Qani edi, xotinlarimiz ruxsat berganda, 4-5tasiga uylangan bo‘lardik", — deb orzu qilgan Jahongir Rahmatov.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik erkaklar bu bir nechta farzandlari bilan qarovsiz qolayotgan bevalar haqida qayg‘urishning bir yo‘li, degan fikrni bildirganlar.

Misol uchun Rustamjon Teshabayev shunday yozib qoldirgan:

"…Ko‘pxotinlik deganda faqat xotin ustiga qiz olish tushunilmasin. Ko‘pxotinlik deganda bizni birinchi o‘ylantiradigan masala, bir-ikki nafar bolasi bilan beva qolgan xotinlar va boshqa muhtoj ayollarni mushkulini oson qilish uchunam ko‘pxotinlikka barham berib bo‘lmaydi…"

"Shaxsan men bu masalani butunlay qoralash yoki oqlash fikridan yiroqman. Buni hayot deydilar! Hayotda har xil vaziyat, holat ro‘y berishi mumkin. Shundayin hodisalar ham o‘z-o‘zidan ro‘y bermas. Boy odamlarning-ku nafs ilinjida uylanishini oqlab bo‘lmas, biroq bir suyanchiqqa, umr yo‘ldoshga muhtoj yolg‘iz ayollar istagini ham hisobga olish kerak menimcha", deb yozgan Fayzullo Elshod.

"Bu qarordan ko‘proq ayollar jabr ko‘radi, chunkiy yurtimizda xotini yo‘q erkakka nisbatan, eri yo‘q xotinlar ming barobar ko‘p! Bu qarorni menimcha yana boshqa ko‘rib chiqishsa kerak, aks holda ko‘chada fohishalar battaroq ko‘paya boshlaydi, hozirgi fohishaxonalar hech gap bo‘lmay qoladi! Endi prezident aytdiyu, lekin qonunchilarimiz, sal farosatini  ishlatibroq hayotga tadbiq etishadi deb umid qilamiz! Mana rahbarimiz do‘ppisini olib kel dedilar, qani ko‘ramiz, qonunchilarimiz rostdanam do‘ppisini olib kelisharmikan, yoki do‘ppini kallasi bilan birga olib kelisharmikan!", deb yogan Obidjon Hasanov.

"Endi farmon chiqmasdan xotinlarimizning ortiqchasiga javob berib yuborarkinmiz? Shu savol o‘ylantirapti", deb yozgan Yassur Qayumov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyevni xijolat qilgan manzara
"Bu o‘ta nozik, yechimi qiyin muammolardan biri. Bu muammoni qonun qolipiga solib, bir tomonlama yechim chiqarib bo‘lmaydi. Mening katta otalarimning 4-5 tadan ayollari bo‘lgan. Oilalari soniga qarab bo‘lsa kerak, beliga o‘shancha chorsi boylab yurishgan ekan. Bu 1930- yillardagi voqea. Otalarimiz hayot vaqtida ayollar ittifoq yashashgan. Otalarimizdan keyin kundoshlar boylikka ega bo‘lish maqsadida hatto qotillikkacha borishgan ekan… Qo‘shxotinlik masalasida tarixni ham o‘rganish kerakka o‘xshaydi. Hozirgi zamonga kelib bitta ayolning yoki bitta oilaning kam-ko‘stini to‘g‘rilash uchun erkaklar jon olib, jon berishiga to‘g‘ri kelyapti. Boylar bundan mustasno. Xamma ham boy emas. Ammo har bir ayol kishi bu yorug‘ dunyoga kelibdiki, oila kqurishga, baxtli ona bo‘lishga haqli. Agar bir erkakka bir ayol bo‘lishi kerak, degan qonun chiqarib qo‘ysak, qolgan ayollarni baxtsiz qilib qo‘ymaymizmi? Menimcha, qo‘shxotinlikka ruxsat birilishi kerak. Faqat xotin olib, xotin qo‘yuvchi erdan chiqib, erga teguvchi erkak va ayollarning oila, farzandlar oldidagi burchlarini aniq ko‘rsatuvchi qonunlar majmuini yaratish kerak va bu muammo kishilarning o‘z ixtiyorlariga topshirilishi kerak degan fikrdaman", deb yozgan Muxamedjan Alimjanov.

"Ko‘pxotinlikni eplash qiyin — biz qarshimiz"

"Ko‘p xotinlikni eplash juda qiyin masala. Erkalar asosan nafs ustunligidan kelib chiqib xotinni ko‘paytirishadi. Xotini tug‘ib, ko‘rinishi o‘zgarib qolsa, ajrashib tashlab ketish ko‘payib ketdi. Ayollar orasida yolg‘iz ona bo‘ilb qolish holatlari juda ko‘p. Qisqasi, o‘zbeklarga ko‘pxotinlikka ruxsat berish mumkinmas", deb ko‘pxotinlikni qoralagan Jasur Nurdinov.

"Men hayronman, Ollohim xamma narsani jufti bilan yaratadiyu, nega AYoL ko‘p deb dodlaymiz. Balki fohisha ko‘payishi, ahmoqlar, orsizlar, iymonsizlar ko‘payishi kimgadir foyda keltirayetgandir, keltirayapti ham", deb fikr bildirgan Hushvaq Jo‘rayev.

"Prezidentimiz ham shu tashlab ketilayotgan ayollarni o‘ylab shu fikrlarni aytdilar", deb yozgan El Kommersant.

Don Vito: "Ko‘pxotinlikning foydasi 100%dan 1%ga teng. Hali ko‘pxotinlikdan hech kim yutmagan. Amir Temurday odam yutqazganda…"

Abu Mubashhir Ibn Ahmad esa: "Agar "adolat qila olsalaringiz". Bu juda muhim masala. Bitta xotinga adolat qila olmagan odamga yo‘l bo‘lsin", deya fikr bildirgan.

"Qo‘shxotinlikni qo‘yinglar, akalar. O‘zi 1tasini bollar bilan boqamiz deb, sochimiz to‘kilib ketaptiku, qolganiyam oqarishni boshladi, yana uylansam, do‘ppim ham oqarib ketmasin", — deya qo‘shxotinlik kerakmas degan fikrni bildirgan Shamshod Rivojov.

Muallifdan:  Materialni yozib tugatish arafasida, bir ayoldan maktub oldim. U ismini e’lon qilmasligimni so‘ragan holda qo‘shxotinlikni yoqlayotgan erkaklarga va prezidentga murojaat qilgan edi.

"Qo‘shxotinli bo‘lish istagidagi erkaklarning aksariyati, "beva ayollar taqdiri"dan havotir olishdi, "bolasi bor ayolga uylanish savob" degan gaplar bilan o‘zlarini oqlashga harakat qilishdi, "yeyishga ovqati, kiyishga kiyimi yo‘q ayollar qing‘ir yo‘lga kirib ketishi mumkin" degan vajlarni keltirishdi. Nahotki, biz bugun akalik burchimizni unutgan bo‘lsak? Axir o‘sha yolg‘iz ayol ham kimningdir singlisi emasmi?

Qo‘shxotinlikka ruxsat berilishi kerak, deya sal qolsa qichqirayozgan erkaklar, sizlarda singil, qiz yo‘qmi?

Nahot o‘zingizga yaqin ayollarga shunday taqdirni ravo ko‘rsangiz?.

Ikkinchi xotin bo‘lgan opa-singillarim haqida gapirmayman. Ishonchim komilki, ular o‘zlari uchun hech qachon bunday taqdirni so‘ramagan…

Shundan so‘ng ayol O‘zbekiston preziyentiga murojaat qilgan.

"Muhtaram prezident, qo‘shxotinlikka qarshi qonun ishlab chiqilyapti, dedingiz. Jamiyatimizda, o‘zi shuni xohlamagan holda biron bir sabab bilan yolg‘iz ayolga aylangan, beva ayollar ham ko‘p. Ularni moddiy qo‘llab-quvvatlovchi qonunchilik loyihasi ishlab chiqishning nahotki iloji bo‘lmasa? Men ham beshta farzandi bilan beva qolgan bir ayol farzandiman. Boshimizdan qancha qiyinchiliklar o‘tgani uchun sizga shunday taklif bilan chiqapman, meni eshitasiz degan umiddaman", deb maktubiga yakun yasagan ayol.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0