TOSHKENT, 14 iyun — Sputnik. Qozogʻistonning Jambil viloyati hokimiyati, boshqaruv idoralari va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax shahrida boʻldi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mehmonlar dastlab viloyat markazidagi Olimpiya zaxiralari sport kollejida boʻlishdi.
Delegatsiya aʼzolari Jizzax viloyati hokimi Ulugʻbek Uzakov hamrohligida sport musobaqalari oʻtkazilayotgan zalni koʻzdan kechirishdi. Yosh sportchilar va murabbiylar bilan samimiy suhbatlashishdi.
Soʻngra delegatsiya aʼzolari Tadbirkorlikka koʻmaklashish markaziga tashrif buyurishdi. Ular tadbirkorlarga barcha turdagi xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyilganligini eʼtirof etishdi.
Jizzax politexnika instituti jambullik delegatsiya aʼzolari uchun navbatdagi tashrif manzili boʻldi. Institutda mehmonlar oliy taʼlim dargohining ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati aks etgan koʻrgazma bilan tanishishdi. Institutning zamonaviy oʻquv-labaratoriya xonalari, talabalar tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik buyumlari koʻrgazmasini qiziqish bilan koʻzdan kechirishdi.
Shundan soʻng mehmonlar Jizzax shahridagi Xotira bogʻida boʻlishib, Motamsaro ona haykali poyiga gullar qoʻydilar.
Bogʻda delegatsiya aʼzolari Jizzax viloyatida yashayotgan qozoq diasporasi vakillari bilan ham uchrashdilar. Millatdoshlar oʻzaro samimiy suhbatda ozod va tinch hayot ato etayotgan farovon hayot haqida fikr almashdilar.
Shundan soʻng mehmonlar oʻtirgan kortej viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga yoʻl oldi. Bu yerda bolalar salomatligini saqlash va tiklashda yaratilgan shart-sharoitlar, sohadagi soʻnggi yutuqlar, texnologiyalarning amaliyotga tadbiq etilishini bilan yaqindan tanishildi. Markazning lor, reanimatsiya va neonotologiya boʻlimlari faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar tibbiyot sohasida ham bilim va tajriba almashish maqsadga muvofiq boʻlishini alohida taʼkidlashdi.
"Jizzaxplasteks" Oʻzbekiston-Germaniya qoʻshma korxonasida ham boʻlishib, ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga koʻra yetakchi boʻlgan korxonadagi ish jarayoni, ishchilarga yaratilgan sharoitlarni koʻrdilar.
Nufuzli mehmonlarni, ayniqsa, Oʻzbekiston prezidentining "2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruktsiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar juda qiziqtirdi. Ular dastavval Sharof Rashidov tumani "Yangiobod" MFYda qurib foydalanishga topshirilgan namunali tipdagi ikki qavatli arzon uy-joylar hamda ikki sotixli uy-joylar massivi bilan tanishdilar.
Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, "Yangiobod" MFY 146-son militsiya tayanch punktida boʻlishib, profilaktika inspektorining ish jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻrdilar.
Mehmonlar shuningdek, "Jizzax" EIZda ham boʻlishib, yengil va kichik yuk avtomashinalari, mikroavtobuslar, shuningdek, qishloq xoʻjalik texnikalari va yuk mashinalari uchun yiliga 1 mln. dona batareya ishlab chiqarish quvvatiga ega Jizzax akkumlyator zavodining tsexlari, zavod laboratoriyasi, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya aʼzolari " Roison Home Good White" qoʻshma korxonasida tashkil etilgan yarmarkani qiziqish bilan koʻzdan kechirishdi.
Shuning bilan Jambil viloyati hokimiyati, boshqaruv idoralari va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning Jizzax shahriga tashrifi nihoyasiga yetdi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.