TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. "O‘zbekcharmpoyabzali" charm-poyabzal uyushmasi korxonalari Moskva shahrida yengil sanoat bo‘yicha III Xalqaro biznes anjumanida ishtirok etib, A.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti va Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalar va dizayn universiteti bilan kelishuv imzolashdi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar berdi.
"O‘zbekistonda paxtani qayta ishlash va to‘qimachilik mahsulotlarni ishlab chiqarish juda katta ilmiy bazaga ega. Bunga misol tariqasida Toshkent to‘qimachilik instituti keltirishimiz mumkin. Afsuski hozirgi kunda ushbu oliygoh bilan aloqalar uzilgan. Biz bu aloqalarni tiklamoqchimiz", — deb ta’kidladi A.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha rektor o‘rinbosari Oleg Kasheyev.
Yengil sanoat bo‘yicha III xalqaro biznes anjumani Rossiya fashion-sanoati assotsiatsiyasi va ProFashion mediaxolding tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 11 ta xorijiy davlatlardan eng yetakchi 70 dan ortiq fabrikalar va 200 dan ortiq korxonalar ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekistondan "O‘zbekcharmpoyabzali" uyushmasi korxonalari va bir necha yengil sanoat korxonalari, jumladan UzTEX Group, Ayuko Tekst, Xujaobod, Uzcotton Group, "Erkatoy Bolajon" ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashabbusi bilan tashrif dasturi doirasida "O‘zbekcharmpoyabzali uyushmasi korxonalari Rossiya oliygohlari bilan hamkorlik yo‘llari va istiqbollari hamda poyabzal sanoati sohasida kadrlarni tayyorlash va ularni qayta tayyorlash to‘g‘risida"gi mavzusi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston vakillari A.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universitetida tinglovchilarni tayyorlash va poyabzal bo‘yicha MosShoes xalqaro ko‘rgazmasida o‘zbekistonlik tinglovchilarni faol ishtirok etish masalalarini muhokama qilishdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.