TOShKENT, 31-may – Sputnik. Kecha Moskvaning Lyublino sudida Usmonovning Navalniy ustidan bergan arizasi bo‘yicha birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Navalniy sud majlisiga Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevni, vazir o‘rinbosari Igor Shuvalovni va yana bir necha rahbarlarni guvoh sifatida chaqirishni talab qildi.
Bunga Usmonovning advokatlari ushbu kishilarning ko‘rib chiqilayotgan ishga daxli yo‘qligi tufayli ularni chaqirish kerak emasligini ta’kidlashdi.
Undan tashqari Navalniy, Alisher Usmonovning “zo‘rlash bandi” bo‘yicha qamalgani haqidagi ma’lumotlarni tarqatgan, Angliyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Greyg Murreyni ham taklif qilishni so‘ragan.
Usmonov himoyasi “Bizga 2007-yilda ig‘vo tarqatgan angliyalikning nima keragi bor?”-, deb, Murreyni chaqirish talabiga ham rad javobi berishdi.
Navalniyning advokatlari, sud materiallariga bir necha hujjatlar, jumladan O‘zbekiston Oliy sudidan Alisher Usmonovning sudlanganiga doir hujjatlarni qo‘shishni talab qildi.
Sudya Marina Vasina ikkala tomon taqdimnomalarini o‘rganib chiqib, Navalniy talab qilayotgan guvohlarni sud majlisiga chaqirishga asos yo‘q deb javob berdi. Shuningdek, ko‘rsatilgan hujjatlar ham noo‘rin ekanligi ta’kidlandi.
Navalniy o‘z navbatida, sudya Marina Vasina nomzodini qabul qilmasligini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Navalniy o‘z videomurojaatida milliarder Usmonovni Rossiya bosh vaziri Medvedevga pora berishda, davlat mulkini o‘g‘irlashda, shaxterlarga kam oylik to‘lashda va O‘zbekistonda “zo‘rlab nomusiga tegish” jinoyati sodir etaganlikda ayblagan edi.
Alisher Usmonov ham Navalniyga o‘z videomurojaati bilan javob berdi. Unda Usmonov ushbu ayblovlarning har birini aniq faktlar bilan inkor etib, “Tuf senga Navalniy” degan edi va obro‘siga putr yetkizmoqchi bo‘lgani uchun uni sudga bergan edi.
Rossiya OAVlari xabariga asosan.