TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Biroz oldin Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy internetda film namoyish qilib unda milliarder Alisher Usmonovga ko‘plab ayblar qo‘ygan edi.
Xususan, go‘yoki Usmonov Medvedevga Rublevodan uy hovli sovg‘a qilgani, uning konlarida ishlayotgan shaxtorlar juda kam oylik olayotgani, Usmonov o‘ziga tegishli bo‘lgan gazeta va jurnallarda senzura o‘rnatgani, Rossiyaga soliq to‘lamayotganini, davlat aktivlarini arzon-garovga sotib olgani va boshqalar.
Alisher Usmonov "Vedomosti" nashriga bergan intervyuda ushbu ayblovlarni birma-bir va asosli inkor etdi va ular sariq chaqaga ham arzimasligiga dalillar keltirdi.
Birinchidan, Navalniy aytib o‘tgan Rublevodagi yer maydonini Alisher Usmonov dastlab o‘z singlisi uchun sotib olgan, lekin singlisi u yerda yashashni istamagan. Keyin Usmonov ushbu hovlini o‘z uyi yonida bo‘lgan, Ilya Yeliseyevning "Sosgosproyekt" fondiga tegishli boshqa yer maydoniga almashtirib olgan ekan.
"Men 20-yildan beri yashayotgan o‘z hovlimni kengaytirish imkonini anchadan beri qidirib yurgan edim. Shuning uchun ham hovlim yonida joylashgan, fondga tegishli bo‘lgan yer maydonini, mendan uzoqroqda joylashgan singlimning hovlisiga almashtirishni o‘zim taklif qildim", — dedi Usmonov "Vedomosti" nashriga.
Ko‘chmas mulk sohasi mutaxassislari fikriga ko‘ra, haqiqatdan ham Rublevoda 12 gektar bo‘sh maydon va 4 gektar hashamatli uy qurilgan hovlining bozordagi narxi teng ekan.
Ikkinchidan, Alisher Usmonov konlarida ruda ochiq uslub bilan, ya’ni ekskavatorlar yordamida qazib olinadi. U yerda birorta ham shaxter ishlamaydi.
"Navalniy hatto biz rudani ochiq uslub bilan qazib olishimizni ham bilmaydi. Bizda birorta ham shaxtor yo‘q. Korxonalarimizda 300 ming kishi ishlaydi va ularning hammasi o‘z hududida o‘rtacha bo‘lgan oylikdan yuqori maosh oladi", — deb izoh berdi Usmonov.
Uchinchidan, Usmonov o‘ziga tegishli bo‘lgan bir necha media manbaalari, gazeta va jurnallar ishiga umuman aralashmasligini ta’kidladi.
"Men faqat bir narsani aytishim mumkin: Men bunday qilmayman. Men o‘zimga tegishli media faoliyatiga umuman aralashmayman", — dedi Alisher Usmonov.
To‘rtinchidan, Alisher Usmonov olayotgan daromadining yarmidan ko‘pi chet mamlakatlardagi qimmatli qog‘ozlar bilan bo‘lgan faoliyatidan bo‘lsada, u Rossiya soliq rezidenti ekanini va barcha shaxsiy soliqlarni Rossiya g‘aznasiga to‘layotganini xabar qildi.
"Men Rossiya g‘aznasiga jismoniy shaxs sifatida 400 millon dollar soliq to‘ladim", — dedi Alisher Usmonov.
Beshinchidan, Alisher Usmonov hech qachon davlatdan hech narsa bepul yoki arzon-garovga olmaganini ta’kidladi. Biznesmen fikriga ko‘ra, davlat va biznes turli maqsadlarga intiladi. Biznes — ko‘proq foyda olishga, davlat — ushbu foydaning ko‘proq qismini soliq sifatida olishga. Shuning uchun davlat bilan faqat hamkorlik qilish mumkin, lekin undan hech narsa tekinga olib bo‘lmaydi.
"Shuning uchun ham, men hech qachon davlatdan hech narsani bepul yoki arzon-garovga olmaganman. Bu mening prinsipim", — dedi Alisher Usmonov.
"Agar janob Navalniy mening kompaniyalarimni boshqarayotgan rasmiy shaxslarga murojaat qilganida edi, ushbu savollarning barchasiga aniq va tushunarli javob olgan bo‘lar edi. Hech narsa o‘ylab topishga to‘g‘ri kelmas edi", — dedi Alisher Usmonov.
Biznesmen aytishiga qaraganda, Rossiyada sentabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan, muxolifatchi Navalniy o‘zini korrupsiyaga qarshi faol kurashchi sifatida ko‘rsatish va omma oldida qo‘shimcha ochkolar jamlash maqsadida ushbu ishni qilgan.
Navalniyning yolg‘on ayblovlari jamoatchilik oldida biznesmen obro‘siga putur yetkizishi mumkin, shuning uchun Alisher Usmonov uni sudga berishga qaror qilgan.