TOShKENT, 31-may — Sputnik. "O‘zekspomarkaz"da agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning "Uzbekistan Agrotech Expo — 2017" XII xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi va mashinalarining "Uzbekistan Agromash Expo — 2017" VI xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi boshlandi.
Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev so‘zga chiqdi. Tadbirlar O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashi hamkorligida tashkil etilgan.
"Uzbekistan Agrotech Expo — 2017" va "Uzbekistan Agromash Expo — 2017" xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarida Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya, Belarus, Rossiya kabi o‘n beshdan ziyod davlatdan ellikdan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Ular namoyish etayotgan mahsulot va xizmatlar turi keng bo‘lib, ixcham liniyalar, qadoqlash texnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, chorva uchun yem tayyorlash jihozlari, o‘simliklar himoyasi uchun kimoviy moddalar, terini qayta ishlash, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish kabi yuzga yaqin yo‘nalishni qamrab olgan, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi sayti.
— O‘zbekiston fermerlari bilan hamkorlik qilishimizda bu yerda yaratilgan turli imtiyozlar, xususan, bojxona va investitsiyaviy preferensiyalar qo‘l kelmoqda, — deydi Janubiy Koreyaning "Farmsko" kompaniyasi direktori o‘rinbosari Kim Von Te. — O‘zbekiston bozorida qaysi mahsulotga talab yuqoriligi borasida marketing kuzatuvlar olib bordik. Unga ko‘ra, oynavand issiqxonalar, ularni isitish jihozlari, ozuqalar va konsalting xizmatlarini taklif qilishni ma’qul ko‘rdik. Issiqxonalarimizning balandligi 8 metr, ularni gaz, ko‘mir yoki elektr bilan isitish va mobil tarzda boshqarish mumkin.
O‘zbekistonning yetmishdan ziyod kompaniyasi o‘z stendlarida qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqarish borasida mamlakatimiz salohiyatini keng namoyish etmoqda.
Meva-sabzavot va ko‘katlarni quritish kameralari, parrandachilik inkubatorlari, qadoqlash-o‘rash jihozlari, chizel-kultivator, eng chekka hududlardagi obyektlarni ham elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun mo‘ljallangan quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari xorijlik mehmonlar e’tiborini jalb etmoqda.
— Korxonamiz xonadonlar va dala hovlilarga biogaz uskunasi o‘rnatib berish bilan shug‘ullanadi, — deydi "Ekoravnaq"» xususiy korxonasi rahbari Alijon Temirov. — Uskunalarimiz ko‘magida bir tonna tovuq, qo‘y, chorva chiqindisidan 120 kub gaz olish imkoni bor. Bu uyni va issiqxonani isitishga bemalol yetadi. Talabga qarab turli o‘lchamdagi biogaz uskunalarini o‘rnatib beramiz.
Ko‘rgazma-savdo ham samarali bo‘lishi kutilmoqda. Italiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan meva-sabzavotni tozalaydigan uskunalar, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan moslamalar, turli muzlatkich agregatlar, vakuumli to‘ldirgichlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.
"Uzbekistan Agromash Expo — 2017" xalqaro ko‘rgazmasida "Agregat zavodi" va "Chirchiqqishloqmash" aksiyadorlik jamiyatlari tarkibidagi korxonalar, "Case New Holland", "Class", "Lemken", "Amkodor" va boshqa yetakchi xorij kompaniyalarining yetmishdan ortiq turdagi mahsuloti namoyish etilmoqda.