TOShKENT, 27 apr — Sputnik. 17-19 may kunlari Toshkentda "OGU — O‘zbekiston neft va gazi" 21-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ko‘rgazma doirasida 18-19 may kunlari neft va gaz bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Ayni paytga kelib Ozarbayjon, Avstriya, Singapur, Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Italiya, Chexiya, Germaniya, Shveysariya, Indoneziya, Qozog‘iston, AQSh va Daniyaning xalqaro kompaniyalari OGU 2017 xalqaro ko‘rgazmasi va anjumanida ishtirok etishini tasdiqladi.
OGU ko‘rgazmasi O‘zbekiston neft-gaz sohasidagi muhim ahamiyatga ega voqea bo‘lib, xalqaro neft va gaz kompaniyalari uchun so‘nggi yutuq va ishlanmalarini namoyish etish maydoni hamda yetkazib beruvchi va ishlab chiqaruvchilarning uchrashuv joyi hisoblanadi.
Ushbu tadbir har yili O‘zbekistondagi yirik neft-gaz va energetika loyihalarini muhokama qilish uchun mahalliy va xalqaro ishtirokchilarni jamlaydi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha MDHda 3- va jahonda 8-o‘rinda turadi.
Respublikaning neft-gaz mavjud besh hududida 250ta uglevodorod xomashosi konlari ochilgan.
2030 yilga qadar mamlakatda neft zaxirasini 132,4 mln tonnaga yetkazish kutilmoqda.
"O‘zbekneftegaz" MXK 2015-2019 yillarda 54ta investitsion loyihani amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Respublikada xorijiy investorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.