TOShKENT, 22 apr ─ Sputnik. Toshkentda ish boshlagan "Ta’lim va kasb-2017" xalqaro ko‘rgazmasida Rossiyaning 18ta oliy o‘quv yurti ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Rossotrudnichestvo agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi.
Ko‘rgazma 24-aprel kuni Samarqandda, 26-aprel kuni Buxoroda davom etadi hamda 28-aprel kuni Farg‘onada nihoyasiga yetadi.
Rossotrudnichestvoning bildirishicha, ko‘rgazmada abituriyentlar Rossiya o‘quv yurtlari bilan tanishishlari, o‘qishga kirish imkoniyatlari, fakultetlar, mutaxassisliklar, o‘qish davri va ta’lim olish to‘lovi haqida ma’lumot olishlari mumkin, deb yozadi RIA Novosti.
"Rossiya va O‘zbekistonni mustahkam yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bog‘lab turadi. Lekin ta’lim sohasidagi samarali hamkorlikni alohida qayd etib o‘tish joiz. Ayni paytda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 24 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar ta’lim olmoqda va ana shunday yuqori malakali mutaxassislar respublikaning kelgusi taraqqiyotiga hissa qo‘shishlari lozim", — dedi ko‘rgazma ochilishida Rossotrudnichestvo vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika.
Rossotrudnichestvoning ma’lumot berishicha, 2016-yilda O‘zbekistondan 2 mingdan ortiq yoshlar Toshkentdagi Rossiya fan va madaniyat markazida imtihon topshirish orqali Rossiyadagi turli o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdilar. O‘zbekistonlik talabalar orasida Qozon federal universiteti, Uzoq Sharq federal universiteti va Rossiya xalqlar do‘stligi universitetlarida o‘qishga qiziqish katta. O‘zbekiston poytaxtida Rossiyaning uchta — Lomonosov nomidagi MDU, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti va Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Rossotrudnichestvo federal agentligi 2008-yil sentabrda tuzilgan. Tashkilot xalqaro aloqalar, gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va xorijda Rossiyaning ijobiy imijini shakllantirishni maqsad qilgan.