TOShKENT, 22-may – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha 21 may kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi.
Ushbu xalqaro sammitning asosiy maqsadi – ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishi, davlatlararo xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdir.
Sammitda so‘zga chiqqan Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol-Saud forum ishtirokchilarini qutlar ekan, ularning ishtiroki sammit nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekistonda ham o‘z hududida, O‘rta Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish uchun Mustaqillik yillarida ulkan ishlar amalga oshirildi. Ushbu o‘rinda O‘zbekiston birinchi prezidenti tomonidan taklif qilingan, Markaziy Osiyoni yadro qurolidan holi hudud deb e’lon qilish, Terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish tashabbuslarini esga olish o‘rinli bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda bugungi kunda xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga davlat va prezident tomonidan katta e’tibor berilmoqda.
O‘zbekiston ayni paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. 2016-yilda Toshkent bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti kengashida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, terrorchilikka qarshi kurash uchun barcha islom mamlakatlarida ma’rifat va ta’lim darajasini oshirishni taklif qilgan edi.